23 sentyabr, seshanbaga o‘tar kechasi Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududlariga yo‘naltirgan yirik dron hujumlari davomida g‘ayrioddiy taktika qo‘llandi. RBK axborot agentligi Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin va hujum mohiyatidan xabardor manbalarga tayanib, bu safar dronlar bilan bir qatorda ko‘p sonli havo sharlari ham ishlatilganini xabar qildi.
Manbalardan biri jurnalistlarga: «Haqiqatdan ham juda ko‘p sharlar bor edi, ammo ularning harakatlari unchalik aniq emas edi», deb izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, dron hujumlari paytida havo sharlaridan shunday keng ko‘lamda foydalanish ilgari qayd etilmagan holat hisoblanadi.
Shu bilan birga, Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy bayonotida sharlar haqida hech qanday ma’lumot bermadi. Vazirlikning Telegram orqali tarqatgan xabarlariga ko‘ra, bir kechada 69 ta Ukraina droni yo‘q qilingan. Rasmiy ma’lumotda qayd etilishicha, ular Moskva vaqti bilan yarim tundan to ertalab soat 7:00 gacha Belgorod, Bryansk, Kaluga, Kursk viloyatlari, Moskva viloyati, shuningdek, Rostov, Ryazan, Samara va Saratov hududlari hamda qo‘shib olingan Qrimda urib tushirilgan.
Moskva atrofida ham xavfli vaziyat kuzatildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtga qarab 40 dan ortiq dron yaqinlashgan. Moskva meri Sergey Sobyanin voqealar davomida havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarining harakatlari haqida bir necha marta jamoatchilikka hisobot berdi va poytaxt osmonidagi xavfsizlik choralari kuchaytirilganini ma’lum qildi.
Shu tariqa, Ukraina tomoni qo‘llayotgan yangi taktik usul — havo sharlaridan ommaviy foydalanish Rossiya-Ukraina urushidagi havodagi to‘qnashuvlarning yanada murakkab tus olishidan darak bermoqda. Bu esa, ekspertlarning fikricha, hujumlarning prognoz qilinishi va oldini olish jarayonlarini yanada qiyinlashtiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!