date

Rossiya armiyasi zamonaviy jangda otliq otryadlarni qayta tiklamoqchi

Rossiya armiyasi zamonaviy jangda otliq otryadlarni qayta tiklamoqchi

Rossiya armiyasida hayratlanarli qarorlardan biri muhokama qilinmoqda – hujum otryadlarini yana otlarga o‘tkazish ehtimoli bor. «Kommersant» nashri yozishicha, avval ham ayrim holatlarda otlardan foydalanilgan, ammo bu juda kam uchrardi. Endi esa Rossiya qo‘shinlari «to‘laqonli otliq qo‘shinni qayta tiklash» g‘oyasini sinamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Shtorm» maxsus otryadlari jangchilari ot minishni o‘rgana boshlagan. Komandirning RT telekanaliga aytishicha, ot o‘z instinktlari tufayli minani bosib olish ehtimoli odamga qaraganda ancha kam. Shuningdek, qorong‘uda otlar yo‘lni yaxshiroq his qiladi.
Taktikaning o‘zi ham qiziq: bitta otda ikki kishi bo‘ladi — biri otni boshqarsa, ikkinchisi qurol bilan hujumga tayyor turadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri jang boshlanganda esa ular otdan tushib, piyoda kurashadi. Otlar yo‘lsiz hududlarda tez va maxfiy harakatlanishi mumkin. Shuningdek, ular temirdan tayyorlanmagani uchun magnit minalarini ishga tushirish xavfi ancha past.
Biroq bunday uslubning murakkab jihatlari ham yo‘q emas. Otlarni o‘rgatish, boqish va ularni saqlash qiyin. Shu bilan birga, yuk ko‘tarish qobiliyati texnik vositalarga nisbatan juda past. Shu sababli, otlarni jang maydonida keng ko‘lamda qo‘llash imkoniyati shubhali, deb xulosa qiladi «Kommersant».
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, otlarni jangga qaytarishga urinish ko‘proq ramziy ma’noga ega. Zamonaviy texnologiyalar ba’zan zaiflik ko‘rsatganda, armiyalar yana an’anaviy vositalarga murojaat qilmoqda: masalan, telefon kabellari yoki yuk tashuvchi hayvonlardan foydalanish.
Avvalroq rossiyalik harbiylar frontda elektr samokatlar va yo‘lsiz hududlarda harakatlana oladigan kichik vositalardan ham foydalangani haqida ma’lumot berilgan edi. Bu esa piyodalarga qarshi minalar xavfini qisman kamaytirgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya armiyasi zamonaviy jangda otliq otryadlarni qayta tiklamoqchi