AQSH prezidenti Donald Tramp federal hukumat faoliyati vaqtincha to‘xtagani — shatdaun fonida kadrlar qisqarishi boshlanganini ma’lum qildi. Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda u «yakuniy ishdan bo‘shatish jarayoni allaqachon start olgan», deya ta’kidlab, bu vaziyat yuzaga kelishida demokratlarni aybladi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Kongressdagi murosasizlik ko‘plab ish o‘rinlarining yo‘qolishiga yo‘l ochgan. Shu bilan birga, Tramp qisqartirilayotgan lavozimlar va aniq tartib-taomillar yuzasidan qo‘shimcha tafsilotlarni oshkor etmay, mavzudan chekindi.
Shatdaun tufayli taxminan 750 mingga yaqin federal xizmatchi majburiy to‘lanmaydigan ta’tilga yuborilgan. Biroq xavo harakatini boshqarish, politsiya, chegara qo‘riqlovi, tez tibbiy yordam kabi zarur infratuzilmalar «istisno» tartibida ishini davom ettirayapti. Tramp avvalroq ham, agar hukumat ish faoliyati tiklanmasa, ommaviy qisqartirishlar amalga oshirilishini uyg‘otgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 1-oktyabrdan byudjet bo‘yicha vaqtinchalik kelishuv amalga oshmagani sababli hukumatning bir qator idoralari faoliyati rasman muzlatilgan. Shundan beri Kongressdagi muzokaralar amalda to‘xtab qolgan: respublikachilar va demokratlar o‘rtasida kam ta’minlanganlar uchun mo‘ljallangan Obamacare tibbiy sug‘urtasiga davlat qo‘llab-quvvatlovi masalasida kelishuv hali topilmadi.
Natijada Vashingtonda siyosiy qarama-qarshilik davom etar ekan, federal xizmatchilar uchun noaniqlik saqlanmoqda. Masala bo‘yicha kelishuv topilmas ekan, ishdan bo‘shatishlar ro‘yxati kengayishi ehtimoli ham yo‘q emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar