AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya–Ukraina o‘rtasidagi to‘qnashuvni to‘xtatishga qaratilgan diplomatik muloqotlar kutilganidan ancha murakkab kechayotganini ma’lum qildi. BBC News yozishicha, u bu fikrlarni Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan uchrashuvda bayon etdi. Trampning aytishicha, Vladimir Putin bilan olib borilayotgan bevosita suhbatlar «o‘ylagandan ham qiyin» kelgan.
«Bu — aql bovar qilmas darajada murakkab jarayon. Avvaliga bu ishni eng oson yechimlardan biri deb o‘ylagandim», — dedi u.
Shu bilan birga, Tramp G‘azo atrofidagi vaziyat bo‘yicha tinchlik kelishuviga «juda yaqin» qolinganini urg‘uladi. U 29-sentyabr kuni Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaroga oid o‘z «tinchlik rejasi»ni taqdim etgan edi.
Rossiya–Ukraina urushiga nuqta qo‘yish Trampning saylovoldi dasturidagi asosiy va’dalardan biri hisoblanadi. AQSH va Rossiya delegatsiyalari bir necha bor uchrashuvlar o‘tkazgan, prezidentlar shaxsan Alyaskada ham gaplashgan. Biroq hozircha hatto vaqtinchalik otashkesim haqida ham kelishuvga erishilmagan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, jarayonning cho‘zilishi bir nechta omilga — taraflar ishonchini tiklash, kafolat mexanizmlari, xavfsizlikka oid talablar va sanksiyalar masalasi kabi keng doiradagi kelishuv punktlariga borib taqalmoqda. Shunga qaramay, Vashington ham, Moskva ham diplomatik eshiklar ochiq qoldirilayotganini aytishdi — demak, muzokaralar yana davom etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!