Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Xavfsizlik xizmati (SBU)ning Rossiyaga qarshi yangi operatsiya rejasini ma’qulladi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
«Men SBU bo‘yicha bir nechta rejalarni tasdiqladim — ular Rossiyaning urush harakatlariga bizning assimetrik javobimiz bo‘ladi», — deb yozdi Zelenskiy Xavfsizlik xizmati rahbari Vasil Malyuk bilan uzoq masofali zarbalar natijalari muhokamasidan so‘ng.
Davlat rahbari, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlarining Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning hisobotini tinglaganini va Rossiya juda katta yo‘qotishlarga uchraganini ta’kidladi.
«Endilikda diqqatimiz Dobropillya operatsiyasiga qaratilgan — bu bizning qarshi hujumimiz hisoblanadi. Mudofaa boshqa yo‘nalishlarda ham davom etmoqda. Kupyansk shahri va uning atrofida jangovar harakatlarda ishtirok etayotgan har bir askarga minnatdorchilik bildiraman. Novopavlivske yo‘nalishi ham oson emas, u yerda faol mudofaa harakatlari olib borilmoqda va ma’lum yutuqlar bor», — dedi u.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina uzoq masofaga uchuvchi dron va raketalarni jadal rivojlantirmoqda va ularning samaradorligi tobora ortib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!