Italiyada bosh vazir Jorjiya Meloni yetakchilik qilayotgan “Italiya birodarlari” (Fratelli d'Italia, FDI) partiyasi jamoat joylarida burqa, niqob va paranji kiyishni taqiqlash hamda masjidlarni moliyalashtirish ustidan nazoratni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini parlamentga taqdim etdi, deb partiyaning rasmiy sayti xabar berdi.
FDI partiyasi deputatlari qonun loyihasini parlamentning quyi palatasi – Deputatlar palatasiga “Kamsitishga qarshi” nomi bilan taqdim etgan. Hujjatda burqa, niqob va paranji davlat muassasalari, maktablar va universitetlar kabi jamoat joylarida taqiqlanishi, masjidlar uchun xayriya va moliyalashtirishda shaffoflik joriy etilishi hamda majburiy nikoh uchun qattiqroq jazo belgilanishi taklif etilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, paranji taqiqini buzgan shaxslarga 300 yevrodan 3000 yevrogacha (uch yuzdan uch ming yevrogacha) jarima solinishi mumkin. Joriy yilning yanvar oyida Meloni koalitsiyasidagi “Liga” partiyasi ham shunga o‘xshash qonunni taklif etgan, ammo uning qamrovi FDI loyihasidan torroq bo‘lgan. Hozirda “Liga” loyihasi parlament qo‘mitasida ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa-da, u FDI taklifi bilan birlashtiriladimi, noma’lum. Qonun muhokamasi sanasi hali belgilanmagan, biroq parlamentda o‘ng partiyalar ko‘pchilikni tashkil etgani bois, uning qabul qilinishi ehtimoli yuqori deb baholanmoqda.
Italiyada niqob va paranjiga taqiq joriy etilishi mumkin
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar