Adidas taglik qattiqligini o‘zgartirish mumkin bo‘lgan krossovka prototipini namoyish etdi

Adidas taglik qattiqligini o‘zgartirish mumkin bo‘lgan krossovka prototipini namoyish etdi

Adidas yugurish sharoitiga qarab taglik qattiqligini o‘zgartirish imkonini beruvchi Adizero Gearshift krossovkasi prototipini namoyish etdi. Yangi texnologiya taglik ichiga joylashtirilgan sozlanadigan karbon plastinaga asoslangan. Bu haqda Gear Patrol xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, krossovkaning taglik mexanizmini yumshoqroq yoki qattiqroq holatga sozlash mumkin. Tinch yugurish va notekis yo‘llarda plastinani yumshatish orqali krossovkaning egiluvchanligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Tez yugurish yoki yuqori sur’atda harakatlanishda esa mexanizm qattiqroq holatga o‘tkaziladi. Bunda karbon plastina an’anaviy yugurish krossovkalaridagi «prujina»ga o‘xshash ta’sirni kuchaytirib, oyoqdan itarilish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Qizig‘i, tizim faqat ikki xil holat bilan cheklanmaydi. Plastinaning qattiqligini yumshoq va qattiq holatlar oralig‘ida bosqichma-bosqich sozlash mumkin.

Qora va oq rangli, qalin poshnali Adidas Adizero yugurish poyabzali.

Prototipning mexanik versiyasida sozlash taglik yonidagi maxsus slayder yordamida qo‘lda amalga oshiriladi. Elektron versiyasida esa tizimni smartfon yoki aqlli soatdagi ilova orqali boshqarish mumkin. Elektron variantda batareya va boshqa qurilmalar bo‘lgani sababli u mexanik versiyaga qaraganda og‘irroq.

Hozircha Adizero Gearshift seriyali ishlab chiqarishga chiqarilmagan prototip hisoblanadi. Adidas uning kelajakda tijoriy krossovkalarda qo‘llanilishi mumkinligini namoyish etgan, biroq sotuvga chiqish sanasi e’lon qilinmagan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar