Rossiyada mushuk portlashga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin — FVV

Rossiyaning Moskva viloyatidagi Odinsovo shahrida ko‘p qavatli uyning 19-qavatidagi xonadonda gaz balloni portladi. Hodisa 1 oktyabr kuni ertalab Belorusskaya ko‘chasidagi uyda sodir bo‘lgan. Bu haqda RBK xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, xonadonda odamlar bo‘lmagan, ichkarida faqat mushuk qolgan. FVVning dastlabki versiyasiga ko‘ra, 200 millilitr hajmdagi sayyohlik gaz balloni elektr plitasi yonida turgan. Mushuk tasodifan plitani yoqib yuborgan bo‘lishi, natijada qizib ketgan ballonda portlash yuz bergan bo‘lishi mumkin.
Portlash oqibatida xonadonning balkon qismi va deraza oynalari shikastlangan, shuningdek, kvartira bilan tambur o‘rtasidagi ichki to‘siq buzilgan. Qutqaruvchilar yetib kelganida ochiq yong‘in kuzatilmagan.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Xabarlarga ko‘ra, xonadonda bo‘lgan mushuk ham omon qolgan.
Voqeaning aniq sabablari hozircha aniqlanmoqda. Rossiya FVV gaz ballonlarini issiqlik manbalari yaqinida saqlamaslik kerakligini eslatgan.































Izohlar 0
…