Olimlar piyoda yurganda charchoqni kamaytiruvchi g‘ayrioddiy paypoqlar yaratdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Texas universiteti tadqiqotchilari piyoda yurish vaqtida energiya sarfini kamaytiradigan maxsus paypoqlarni ishlab chiqishdi.
- Ushbu paypoqlar matosiga to‘qilgan uchta zich tasma oyoq kafti yoyining qattiqligini 65 foizga oshirib, yurish jarayonidagi energiya sarfini 2 foizga tejashga yordam beradi.
- 12 nafar ko‘ngilli ishtirok etgan tajribada mazkur samaradorlik ikki kilogramm vazn yo‘qotish bilan tenglashtirildi.
AQSHlik olimlar uzoq masofaga piyoda yurganda kamroq charchash va energiyani tejashga yordam beradigan maxsus paypoqlarni ishlab chiqdi. Ushbu innovatsion paypoqlar oyoq panjasini barmoqlar asosidan mahkam o‘rab, yurish jarayonida sarflanadigan kuchni kamaytirishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalari Proceedings of the Royal Society B: Biological Sciences ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Maxsus paypoqlar AQSHdagi Texas universiteti tadqiqotchilari tomonidan yaratilgan. Ularning oddiy paypoqlardan asosiy farqi matosiga uchta zich tasma to‘qilganidadir. Bu tasmalar oyoq panjasining old qismini mustahkam ushlab, unga og‘irlik tushganda ikki tomonga ortiqcha kengayib ketishining oldini oladi.
Olimlar aniqlashicha, bunday bosim natijasida yurish vaqtida bukiladigan oyoq kafti yoyining qattiqligi 65 foizga oshadi. Shu bilan birga, qadam tashlashning so‘nggi bosqichida oyoqning tabiiy harakatchanligi saqlanib qoladi va inson yerdan bemalol itarilib, oldinga harakatlana oladi.
Yangi paypoqlar qanday sinovdan o‘tkazildi?
Texnologiya samaradorligini tekshirish uchun tadqiqotchilar o‘rtacha yoshi 28 da bo‘lgan 12 nafar sog‘lom ko‘ngilli ishtirokchini jalb qilgan. Ular yugurish yo‘lakchasida dastlab oddiy, do‘konlardan xarid qilingan paypoqlarda, keyin esa olimlar ishlab chiqqan maxsus paypoqlarda besh daqiqadan yurishgan.
Tajriba davomida mutaxassislar ishtirokchilarning nafas olish jarayonini ham kuzatgan. Xususan, nafas olishda organizm o‘zlashtirgan kislorod va nafas chiqarishda ajralib chiqqan karbonat angidrid miqdori o‘lchangan. Ushbu ko‘rsatkichlar yordamida yurish vaqtida sarflangan energiya miqdori baholangan.
Natijalar yangi paypoqlardan foydalanish yurish jarayonidagi energiya sarfini taxminan 2 foizga kamaytirishini ko‘rsatgan. Bir qarashda bu katta farqdek tuyulmasligi mumkin. Biroq tadqiqot mualliflari mazkur samarani ikki kilogramm vazn yo‘qotish bilan taqqoslagan. Ularning fikricha, bunday tejamkorlik ayniqsa uzoq masofalarga piyoda sayohat qiladigan insonlar uchun sezilarli ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Oyoq mushaklari qanday ishlaydi?
Tadqiqot davomida olimlar yana bir qiziqarli holatni aniqlagan. Maxsus paypoq kiyilganda boldir mushaklari biroz ko‘proq kuch bilan ishlaydi, ammo ularning qisqarish tezligi sekinlashadi. Natijada harakat davomida umumiy energiya sarfi kamayadi.
Mutaxassislar bu jarayonni velosipedda yuqoriroq uzatmaga o‘tishga o‘xshatgan. Bunda velosipedchi pedalni aylantirish uchun ko‘proq kuch ishlatadi, biroq harakat sekinroq amalga oshadi. Yangi paypoqlarda ham mushaklar ishlash tartibi shunga o‘xshash tarzda o‘zgaradi.
Yangi ixtirodan kelajakda kimlar foydalanishi mumkin?
Ishlab chiquvchilar ushbu texnologiya uchun allaqachon patent olishga ariza topshirgan. Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, kelajakda maxsus paypoqlar insonlarga kamroq charchagan holda uzoqroq masofalarni bosib o‘tishga yordam berishi mumkin.
Bundan tashqari, ular harakatchanlik imkoniyatlari turlicha bo‘lgan kishilar uchun sayr qilishni ham yengillashtirishi ehtimol qilinmoqda.
Shu bilan birga, tadqiqot hozircha atigi 12 nafar ishtirokchi bilan o‘tkazilganini hisobga olish lozim. Shu sababli olingan natijalar dastlabki hisoblanadi. Yangi paypoqlarning haqiqiy samaradorligi va turli insonlarga ta’sirini aniqlash uchun kengroq ko‘lamdagi qo‘shimcha sinovlar talab etiladi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…