Xitoyda 20 yoshli qiz boshliqlardan tanbeh oldi va tez orada yeyish, ichish va hatto harakat qilishni to‘xtatdi. Bu haqda South China Morning Post mahalliy OAVga tayanib yozmoqda.
Shifokorlar Lida katatonik stupor - harakat, xulq-atvor, nutq buzilishlari bilan kechadigan va ba’zan jiddiy depressiya yoki boshqa ruhiy kasalliklar fonida namoyon bo‘ladigan psixopatologik buzilishning o‘tkir shakli tashxisini qo‘yishdi.
Bir oy davomida Lining ahvoli asta-sekin yomonlashdi. U gapirishni, mustaqil harakat qilishni, yeyish va ichishni to‘xtatdi. Qarindoshlari esa qizga hojatxonaga borishni eslatishga majbur bo‘lgan.
Shifokorning ta’kidlashicha, voqea sodir bo‘lishidan oldin ham Li ancha yopiq xarakterga ega bo‘lgan, shu sababli u o‘z his-tuyg‘ularini ifoda etish va yordam so‘rashga qiynalgan. Ishdagi stressli vaziyat fonida uning ahvoli yomonlashgan.
Xitoy psixologiya jamiyati tadqiqotiga ko‘ra, mamlakatdagi ishchilarning taxminan 4,8 foizi ish bilan bog‘liq depressiyadan aziyat chekadi. Shu bilan birga, xodimlarning taxminan 80 foizi stress va zo‘riqish haqida xabar beradi, 60 foizi esa xavotirni his qiladi.
Bundan tashqari, Xitoyda umumiy ishsizlik darajasi ancha yuqori. Ushbu muammolar fonida hukumat yoshlar bandligini qo‘llab-quvvatlash dasturini ishga tushirdi. Biroq, ko‘plab yoshlar hali ham ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Ba’zilar shu sababli katta yuklama va ortiqcha ish soatlariga qaramay, ishdan bo‘shashni xohlamaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!