date

Rossiyaning navbatdagi hujumi: Kiyev va bir necha shahar zarbaga uchradi

Rossiyaning navbatdagi hujumi: Kiyev va bir necha shahar zarbaga uchradi

Rossiya 22-oktyabrga o‘tar kechasi Ukraina hududlariga navbatdagi ommaviy raketalar va dronlar orqali hujum uyushtirdi, deb xabar berdi Ukraina harbiylari. Hujumlar natijasida Kiyev, Odessa, Zaporijjya va boshqa bir qator shaharlarda qurbonlar va shikastlanganlar qayd etildi.

Kiyev shahridagi hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Ulardan biri — Dniprovsk tumanidagi ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan yong‘in qurboni bo‘ldi. Yana 19 kishi turli darajada jarohat olgan, shulardan besh nafari bolalar ekani ma’lum qilindi. To‘qqiz nafar jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan, deya ma’lum qildi shahar meri Vitaliy Klichko. Pechersk, Desnyansk, Darnitskiy va Solomensk tumanlarida ham binolar zararlangan.

Kiyev viloyatining Brovari tumanida to‘rt kishi halok bo‘lgani xabar qilindi. Halok bo‘lganlar orasida 38 yoshli ayol, uning 12 yoshli qizi va olti oylik chaqalog‘i bor. Shu bilan birga, 38 yoshli erkakning ham jon bergani tasdiqlandi.

Zaporijjya viloyatidagi hujumlar natijasida kamida 13 kishi jarohatlangan. Oblast rahbari Ivan Fedorovning ma’lumoticha, shikastlanganlar orasida ikki bola ham bor. Hujum natijasida 15 ta ko‘p qavatli uy va bir nechta xususiy binolarga zarar yetgan.

Odessa viloyatining Izmail shahridagi dron hujumi oqibatida port va energetika infratuzilmalari zararlangan. Bir nechta yong‘in kelib chiqqan bo‘lsa-da, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q.

Hujumlardan keyin Ukrainada elektr ta’minotida jiddiy uzilishlar kuzatildi. DTEK kompaniyasi Kiyev va Dnipropetrovsk viloyatlarida avariyaviy o‘chirishlarni joriy etgan. Energetika vazirligi ma’lumot berishicha, Rossiyaning raketalar va dronlar orqali yo‘llagan zarbalari mamlakatning ko‘p hududlarida favqulodda uzilishlarga sabab bo‘lgan. “Ukrenergo” ma’lumotiga ko‘ra, eng og‘ir holat Sumi va Chernihiv viloyatlarida kuzatilmoqda.

Temiryo‘l infratuzilmasi ham zarar ko‘rgan: “Ukrzalіznitsya” ayrim yo‘nalishlarda poyezdlar kechikish bilan harakatlanayotganini va ayrim marshrutlar o‘zgartirilganini ma’lum qildi.

Prezident Vladimir Zelenskiy ushbu hujumlarni “Rossiyaning urushni cho‘zish uchun hali ham yetarlicha bosim his qilmayotganining navbatdagi isboti” sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya diplomatiyasi haqida so‘z yuritish foydasiz, toki Kreml haqiqiy siyosiy va iqtisodiy izolyatsiyani his etmaguncha.

“Buni faqat kuchli sanksiyalar, uzoqni ko‘zlagan siyosat va hamkorlarimiz bilan muvofiqlashtirilgan diplomatiya orqali ta’minlash mumkin”, — dedi Zelenskiy o‘z murojaatida.

Hozirgi vaziyat Ukraina uchun yana bir og‘ir kechani anglatdi — ammo mamlakat rasmiylari ta’kidlaganidek, aholi ruhi barqaror, mudofaa tizimi esa Rossiyaning ommaviy hujumlariga qarshi harakatni davom ettirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyaning navbatdagi hujumi: Kiyev va bir necha shahar zarbaga uchradi