date

Luvr muzeyidagi 100 million dollarlik o‘g‘irlik bo‘yicha yetti kishi qo‘lga olindi

Luvr muzeyidagi 100 million dollarlik o‘g‘irlik bo‘yicha yetti kishi qo‘lga olindi

Fransiya politsiyasi Luvr muzeyida sodir etilgan juda yirik o‘g‘irlik ishi bo‘yicha yana besh nafar kishini qo‘lga oldi. Shu tariqa, mazkur jinoyat doirasida ushlanganlar soni yetti nafarga yetdi, deb xabar berdi mahalliy OAV Parij prokurori Laura Bekkoga tayanib. Ammo politsiya hozircha o‘g‘irlangan 88 million yevro (100 million dollardan ortiq) qimmatbaho buyumlarni topa olmagan.

Prokuror RTL radiostansiyasiga ma’lum qilganidek, qo‘lga olinganlardan biri jinoyat joyida qoldirilgan DNK izlari orqali aniqlangan. AFP agentligi uni “asosiy gumondor” deb ta’rifladi. “Biz uni kuzatuvda ushlab turgandik. Qolganlar esa o‘sha kuni sodir bo‘lgan voqea haqida ma’lumot berishi mumkin bo‘lgan shaxslar”, — dedi prokuror Laura Bekko.

Bekko aytishicha, hozircha gumonlanuvchilar haqida to‘liq ma’lumot oshkor etishga erta. Ushbu operatsiya avvalroq o‘g‘irlik va jinoiy til biriktirish ayblovlari bilan qo‘lga olingan ikki nafar shaxsga nisbatan ayblov qo‘yilgandan keyin o‘tkazilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ilk ikki gumondor o‘tgan shanba kuni hibsga olingan bo‘lib, ulardan biri mamlakatni tark etib, Jazoyirga qochmoqchi bo‘lgan. Ular aybni qisman tan olgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘g‘irlik 19-oktyabr kuni dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri bo‘lgan Luvrda sodir bo‘lgan. Jinoyatchilar umumiy qiymati 88 million yevroni tashkil etuvchi tarixiy va madaniy boyliklarni o‘g‘irlab ketishgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda to‘rt kishi to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etgan.

So‘nggi qo‘lga olish amaliyotlari Parij va uning atrofida, jumladan Sen-Sen-Deni departamenti hududida kechki va tungi vaqtlarda amalga oshirilgan. Ammo tintuvlar natijasida muzeydan o‘g‘irlangan asarlarni topishning iloji bo‘lmagan.

“Tergovchilar ishni bosqichma-bosqich olib borishmoqda va gumonlanuvchilar doirasini sekin-astalik bilan toraytirishmoqda. Biz barcha aloqador shaxslarni aniqlash ustida ishlayapmiz”, — dedi prokuror Bekko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha o‘g‘irlangan asarlarni sotishning iloji yo‘q, chunki ularning jahon muzeylari va kolleksionerlar ro‘yxatlarida rasmiy qaydi mavjud. “Men bu buyumlar topilishi va Luvrga, ya’ni millatning ma’naviy mulkiga qaytarilishidan umidvorman. Agar kimdir ularni ixtiyoriy ravishda qaytarsa, sud bu holatni yengillashtiruvchi omil sifatida ko‘radi”, — dedi u.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, tergov doirasida 150 dan ortiq DNK namunasi, barmoq izlari va boshqa dalillar tekshirilmoqda. Shuningdek, jamoat va xususiy kuzatuv kameralari yordamida jinoyatchilar harakatlari kuzatilgan, ularning ayrimlari o‘g‘irlik paytida yuzlarini niqob bilan berkitgan va yorqin nimchalar kiygan holda harakat qilgan.

Tergovchilar Luvr xodimlarining jinoyatga aloqador bo‘lishi ehtimolini rad etdi. Ammo muzeydagi xavfsizlik tizimi va ichki nazorat jarayonlari bo‘yicha tekshiruvlar davom ettirilmoqda.

Hozircha qimmatbaho artefaktlar qayerda ekani noma’lum, ammo fransuz politsiyasi “buyuk madaniy merosni qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini” ma’lum qildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Luvr muzeyidagi 100 million dollarlik o‘g‘irlik bo‘yicha yetti kishi qo‘lga olindi