Vladimir Putinning Federal Yig‘ilishda aytib o‘tgan asosiy fikrlari

Bugun, 4-dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin har yili o‘tkaziladigan Federal Yig‘ilishda 1 soatu 10 minut davomida nutq so‘zladi. Prezident nutqi "Rossiya24" va "Rossiya1" kanallari orqali jonli translyasiya qilindi.
U o‘zining bu safargi, 11-chiqishida Rossiya milliy xavfsizlik masalalari, SSSR hududidagi respublikalarning suverentiteti hamda ijtimoiy-iqtisodiy savollar haqida to‘xtaldi.
"Muqaddas Qrim"
Vladimir Putin majlisning ochilish nutqida Qrim o‘lkasining Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishi haqida gapirib, rus xalqiga bu qarorni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.
"Rossiya o‘z do‘stlariga hamisha yordam berishga tayyor - deydi bu haqida prezident.
Davlat rahbari Qrim haqidagi mulohazalarini davom ettira turib, Quddus xristianlar uchun qanday muhim joy bo‘lsa, Qrimdagi Xersones qishlog‘i ham rus davlatchiligi uchun shu qadar ahamiyatga ega bo‘lganini eslatib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, aynan shu qadimiy qishloq Xersonesda 11-asrda rus knyazi Vladimir cho‘qintirilib, xristian dinini qabul qilgan edi.
Rossiyaga qo‘llanayotgan sanksiyalar haqida
Vladimir Putin g‘arb mamlakatlarining Rossiyaga qo‘llayotgan iqtisodiy jazolari haqida o‘z munosabatini bildirar ekan, AQSh va uning ittifoqchilari ancha vaqtdan beri shunday qilishni ko‘zlab yurishgani, "Qrim okkupasiyasi" ular uchun bir bahona bo‘lgani, agar bu ish bo‘lmaganida ham, ular Rossiyaga sanksiya qo‘llash uchun boshqa bahona o‘ylab topgan bo‘lishlari haqida gapirdi.
"Bu sanksiyalar hamma uchun, buni joriy etgan mamlakatlar uchun ham katta zararlar keltirmoqda", - deydi Putin.
Sobiq sovet respublikalari bilan aloqalar to‘g‘risida
Vladimir Putin Sobiq Sovet hududida ruslar bilan ittifoqchilikda yashagan, SSSR parchalangach, mustaqillikka erishgan davlatlarning suverentitetlarini hamisha hurmat qilib kelgani va bundan keyin ham hurmat qilishda davom etishini ma’lum qildi.
Rossiya iqtisodi haqida
Prezident rus biznesmenlarini kelajakdan xavotirlanmaslikka chaqirdi. U soliqlar oshirilmasligi, tadbirkorlarga bosim yuklanmasligiga va’da berdi. Uning va’dasiga ko‘ra, 4 yil davomida soliqlar o‘zgarmaydi.
Shuningdek, u biznesmenlarga milliy sanoatda import materiallarga qaramlik kamaytirilishi kerakligi haqida ko‘rsatma berdi. Uning yana bir topshirig‘iga ko‘ra esa, Rossiya hududida yo‘llar qurilishi ikki barobar hajmga kengaytirlilishi kerak.
Rossiya rubli qadrsizlanishining oldini olish choralari haqida
Prezident kundan-kunga milliy valyutaning qadrsizlanib borayotganini e’tirof etdi. U bu jarayon uchun valyuta bozoridagi chayqovchilarni aybdor sifatida ko‘rsatdi hamda Rossiya banklariga bunday chayqovchilarga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
"Hukumat aybdorlarni biladi. Vaqti kelganda ularni tiyib qo‘yadi ", - deydi bu o‘rinda Vladimir Putin.
Bundan tashqari u viloyatlar hokimlariga bozorlarda qattiq nazorat o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi va Moliya vazirligi vakillariga har bir rublni tejash kerakligini uqtirdi.
Demografik holat va sog‘liq tizimini yaxshilash xususida
Vladimir Putin aholi o‘rtasida tug‘ilish suratlari sekinlashgani haqida bayon qilib, ikkinchi farzandini dunyoga keltirgan onalar uchun maxsus ionalar miqdori oshirilishi haqida ma’lum qildi.
Uning ma’lumotiga ko‘ra, Qrim o‘lkasi qo‘shib olingandan keyin Rossiya aholisi 146 millionni tashkil etgan.
Prezident aholi salomatligini oshirish va o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichlarini 74 yoshgacha etkazish chora-tadbirlari sifatida keyingi 2015-yilni "Yurak va qon-tomir xastaliklariga qarshi kurash yili" sifatida nomlashni taklif qildi.
"Po‘lat olovda toblanadi"
Vladimir Putin o‘zining yopilish nutqini ko‘tarinki vatanparvarlik ruhida o‘tkazdi.
"Og‘ir damlar biz uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etadi", - deydi prezident.
U barcha siyosiy partiyalar hamda oddiy fuqarolarni hamjihatlikda vatan taraqqiyoti uchun ishlashga da’vat etdi
"Har biringiz zimmangizdagi mas’uliyatni to‘liq his qilib, mamlakat taraqqiyoti uchun kurashga tayyor bo‘lmog‘ingiz lozim", - deydi Rossiya prezidenti Vladimir Putin.
Manba: Kun.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing