Bugun Yer yaqinidan ulkan asteroid uchib o‘tadi

Yevropa kosmik agentligi — European Space Agency ma’lumotiga ko‘ra, yaqinda aniqlangan 2026JH2 nomli asteroid bugun, 18 may kuni Yer yonidan xavfsiz tarzda o‘tib ketadi. Bu haqda CNN xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, Arizona shtati Tuson shahridagi Mount Lemmon tadqiqot markazi astronomlari ushbu kosmik jismni 10 may kuni kuzatgan va unga 2026JH2 nomi berilgan. Asteroid “Appolon” sinfiga kiradi va Quyosh atrofida Yer orbitasi bilan kesishuvchi trayektoriya bo‘ylab harakatlanadi.
Olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, asteroid Yerga eng yaqin nuqtada taxminan 91 ming 593 kilometr masofagacha yaqinlashadi. Bu Yer va Oy o‘rtasidagi masofaning qariyb 24 foiziga teng bo‘lib, hatto geosinxron sun’iy yo‘ldoshlar orbitasidan ham ancha uzoq sanaladi.
Richard Binzelning ta’kidlashicha, asteroid nisbatan yaqin masofadan o‘tsa-da, u hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Uning aytishicha, bunday kichik kosmik jismlar Yer yaqinidan tez-tez o‘tib turadi va bu odatiy astronomik hodisa hisoblanadi.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, 2026JH2 Mars va Yupiter orasida joylashgan asteroidlar kamaridan kelib chiqqan. Hozircha uning aniq o‘lchami to‘liq ma’lum emas. Chunki optik teleskoplar asosan obyektning yorqinligini qayd etadi.
Taxminlarga ko‘ra, asteroid diametri 15 metrdan 30 metrgacha bo‘lishi mumkin.
Olimlar ushbu yaqinlashuvni xavfli holat emas, balki navbatdagi oddiy kosmik hodisa sifatida baholamoqda. Shu bilan birga, kichik asteroidlar harakati vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkinligi sababli, ularning kelajakdagi orbitasini aniq bashorat qilish qiyin ekani ham ta’kidlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!