date

Kembrij lug‘ati 2025-yil so‘zini e’lon qildi

Kembrij lug‘ati 2025-yil so‘zini e’lon qildi

Britaniyaning nufuzli Kembrij lug‘ati 2025-yil uchun asosiy so‘zni e’lon qildi. Bu safar tilshunoslar “parasotsial” atamasini yil so‘zi deb tanladi. Lug‘at rasmiy bayonotiga ko‘ra, bu so‘z so‘nggi yillarda jamiyatda tobora ko‘proq qo‘llanilib, yangi ma’naviy hodisani ifoda eta boshlagan.

“Parasotsial” atamasi odatda insonning shaxsan tanimaydigan odamga nisbatan bir tomonlama, lekin kuchli hissiy bog‘liqlik hissi paydo bo‘lishi holatini anglatadi. Ya’ni, mashhur shaxs, bloger, aktyor, hatto kitob qahramoni yoki sun’iy intellekt insonning hayotida muhim o‘rin tutganidek ko‘rinadi. Bu munosabat bir tomonlama bo‘ladi — mashhur shaxs bunday inson borligidan ham bexabar bo‘lishi mumkin, ammo muxlis uchun u chinakam ahamiyatli obrazga aylanadi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, 2025-yil davomida ayni shu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan. Ko‘plab foydalanuvchilar o‘z sevimli yulduzlarining shaxsiy hayotidagi voqealarni bevosita o‘zlariga tegishlidek qabul qila boshlagan, hatto ayrim hollarda chuqur iztirob yoki quvonch hissi kuzatilgan.

Atamaning o‘zi ilk bor 1956-yilda sotsiologlar Donald Horton va Richard Vo tomonidan qo‘llangan. Ular bu so‘zni televideniye boshlovchilariga nisbatan tomoshabinlar shakllantiradigan bir tomonlama “yaqinlik” munosabatini tavsiflash uchun ishlatgan. Ungacha bu atama ko‘proq akademik muhitdagina ishlatilardi, ammo oxirgi yillarda ommaviy dasturlar, realiti-shoular va ijtimoiy tarmoqlar ta’sirida oddiy lug‘atga ham kirib keldi.

Leksikograflar ta’kidlashicha, bunday neologizmlar vaqtinchalik moda emas — bu so‘zlar tilga mustahkam joylashib, zamonaviy kommunikatsiyaning ajralmas qismiga aylanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Kembrij lug‘ati 2025-yil so‘zini e’lon qildi