
Rossiyaning Vladimir viloyatida sodir bo‘lgan qotillik jamoatchilikni qattiq hayratga soldi — ayol O‘zbekiston fuqarosini bo‘g‘ib o‘ldirgan va jasadini o‘z hovlisidagi daraxt ostiga ko‘mib qo‘ygan. Bu haqda viloyat Tergov qo‘mitasi ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 54 yoshli marhum bir necha yil davomida Pokrovskiy TBI zavodida mehnat qilgan. Noyabr oyida qarindoshlari uning yo‘qolib qolgani bo‘yicha huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Tergovga ko‘ra, 16-noyabr kuni erkak Petushinskiy tumanidagi Staroye Perepechino qishlog‘ida yashovchi 48 yoshli tanish ayolining uyiga borgan.
Dastlabki ma’lumotlardan ayon bo‘lishicha, uchrashuv chog‘ida spirtli ichimliklar iste’mol qilingan va orada janjal chiqqan. Erkakning polga yiqilib tushgani, ayol esa jahl holatida uni arqon bilan bo‘g‘ib o‘ldirgani ma’lum qilingan. Qotillikdan so‘ng ayol jasadni tomorqadagi olma daraxti ostiga ko‘mib tashlagan.
Aytilishicha, nizo sababi qarz masalasi bo‘lgan. Ayol marhumdan pul so‘ragan, erkak esa berishdan bosh tortgan. Marhumning qarindoshlari ijtimoiy tarmoqlarda ayolning oldindan katta qarzi borligini, o‘zbekistonlik mehnatchi esa pullarini qaytarib olish uchun Perepechinoga borganini ta’kidlashgan. Qotillikdan keyin ayol jabrlanuvchining telefoni va bank kartasini ham olib ketgani aytiladi.
Tergovchilar gumonlanuvchi uyini ko‘zdan kechirib, bir qator ashyoviy dalillarni topishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayol avval ham Rossiya Jinoyat kodeksidagi “giyohvand moddalar” moddasi bo‘yicha sudlangan.
Tergov qo‘mitasi hozirda ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash uchun sudga iltimosnoma tayyorlamoqda. Ekspertizalar tayinlangan, voqeaning barcha jihatlarini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.