date

Beninda to‘ntarish urinishi barbod, isyonchilar yetakchisi qochib ketdi

Beninda to‘ntarish urinishi barbod, isyonchilar yetakchisi qochib ketdi

G‘arbiy Afrika yana siyosiy beqarorlik domida. 7-dekabr kuni Beninda o‘zlarini «Qayta qurish bo‘yicha harbiy qo‘mita» deb atagan guruh milliy televideniyedan chiqish qilib, prezident Patris Talonni hokimiyatdan chetlatganini e’lon qilgandi. Ular podpolkovnik Tigri Paskalni vaqtincha boshqaruvchi sifatida ko‘rsatib, mamlakatda nazoratni qo‘lga oldik, deb da’vo qilgandi.

Biroq voqealar butunlay boshqacha rivojlandi. Mahalliy 24heuresauBenin nashrining xabar berishicha, to‘ntarishga urinishga bosh-qosh bo‘lgan podpolkovnik Paskal Tigri egalab turgan hokimiyatni saqlab qololmay, qochib ketgan. Manbalarga ko‘ra, isyonchi guruhning bir qismi ham yo‘qolgan, Benin xavfsizlik xizmatlari ularni izlash ishlarini olib bormoqda.

Prezident Talonning ofisidan AFP agentligiga berilgan izohda vaziyatga oydinlik kiritildi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, bu faqat televideniyeni egallagan kichik bir guruh bo‘lgan, mamlakat armiyasi bir necha soat ichida nazoratni to‘liq tiklagan va poytaxt ham, viloyatlar ham xavfsiz holatga qaytarilgan.

Ayni paytda mamlakatni boshqarib kelayotgan 67 yoshli Talon kelasi yili ikki muddatdan keyin lavozimini tark etish niyati borligini bildirgandi. Uning amaldagi vakolat muddati 2026-yil bahorigacha davom etishi kerak edi, prezidentlik saylovlari esa aprelga belgilangan.

Benindagi bu to‘ntarish urinishi qo‘shni Gvinee-Bisauda prezident Umaro Sissoko Embalo ag‘darilganidan uncha vaqt o‘tmay sodir bo‘lgani mintaqa bo‘ylab xavotirlarni kuchaytirdi. Oxirgi yillarda Burkina-Faso, Mali, Niger va Gvineyada ham harbiy to‘ntarishlar kuzatilgani Afrika g‘arbidagi siyosiy barqarorlik yana jiddiy sinov ostida ekanini ko‘rsatmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Beninda to‘ntarish urinishi barbod, isyonchilar yetakchisi qochib ketdi