
O‘zbekiston fuqarolarining Turkiyaga bo‘lgan qiziqishi yana o‘smoqda. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 2025-yilning yanvar–oktyabr oylari davomida 230,8 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz qo‘shni mamlakatga turli maqsadlarda yo‘l olgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,3 foizga ko‘p bo‘lib, Turkiyaning o‘zbekistonliklar uchun eng ommabop yo‘nalishlardan biri sifatida qolayotganidan darak beradi.
Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan raqamlarga ko‘ra, jami 230 844 nafar sayohatchining Turkiyaga tashrifi quyidagicha taqsimlangan:
- 172,4 ming kishi – dam olish va turizm maqsadida yo‘l olgan;
- 51,3 ming kishi – qarindosh va yaqinlarini ko‘rish uchun safariga chiqqan;
- 2,3 ming nafar – ta’lim olish maqsadida borgan;
- 3,3 ming kishi – tibbiy muolajalar uchun Turkiyani tanlagan;
- 1,6 ming kishi – xizmat safarlari doirasida yo‘lga chiqqan.
Ekspertlar fikricha, Turkiyaning xizmat sifati, qulay logistikasi, tarixiy va madaniy muhiti, shuningdek byudjetga mos turpaketlari O‘zbekiston sayyohlari uchun mazkur yo‘nalishni yanada jozibador qilmoqda. Ayniqsa, Antaliya, Istanbul, Izmir kabi shaharlar yil davomida yuqori talabni saqlab kelmoqda.
Shu tariqa, Turkiya o‘zbekistonliklar uchun nafaqat dam olish, balki o‘qish, davolanish va xizmat safari uchun ham eng ko‘p tanlanadigan mamlakatlardan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.