date

Bondi-Bich fojeasida hujumchidan qurolni tortib olgan qahramon - Ahmad al-Ahmad

Bondi-Bich fojeasida hujumchidan qurolni tortib olgan qahramon - Ahmad al-Ahmad

Sidney shahridagi Bondi-Bich plyajida yuz bergan qonli otishma paytida favqulodda jasorat ko‘rsatgan mahalliy do‘kondor Ahmad al-Ahmad shifoxonaga yotqizildi. U hujumchilardan birining qurolini tortib olib, ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolgani bilan butun dunyo e’tiboriga tushdi.

Oila a’zolarining ma’lum qilishicha, 43 yoshli Ahmad al-Ahmadga ikki marta o‘q teggan. Uning yelkasi hamda qo‘lining kaft qismiga jiddiy jarohat yetgan va shifoxonada jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Hozirda uning ahvoli barqaror, shifokorlar vaziyatni nazorat ostida ushlab turibdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videoyozuvlarda otishma boshlangan dastlabki lahzalar aks etgan. Kadrlarda Ahmad al-Ahmad avval mashinalar ortiga yashirinib, keyin esa o‘q uzib turgan shaxsga sezdirmasdan yaqinlashgani, uni yerga yiqitib, qurolini tortib olgani ko‘riladi. U bu harakati bilan plyajda yig‘ilgan minglab odamlarning hayotini xavfdan asrab qoldi.

Avstraliya politsiyasi hujumchilar qanday qurol ishlatganiga hali aniqlik kiritmadi. Ma’lum bo‘lishicha, hujum Sidneydagi mashhur Bondi-Bich plyajida yahudiylarning Hanuka bayrami nishonlanayotgan paytda sodir etilgan. Hodisani 50 yoshli erkak va uning 24 yoshli o‘g‘li amalga oshirgan. Ota voqea joyida halok bo‘lgan, o‘g‘li esa o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Qurbonlar soni 15 nafarga yetgan bo‘lib, bu Avstraliya tarixida so‘nggi 30-yildagi eng yirik ommaviy qotillik sifatida qayd etildi.

Ahmad al-Ahmad – Sidneyda meva-sabzavot do‘konini boshqarib kelayotgan, ikki farzandning otasi. Uning amakivachchasi Mustafo 7News Australia nashriga bergan intervyusida shifokorlar operatsiyadan keyin uning ahvoli barqaror ekanini ma’lum qilganini aytdi.

«U yuz foiz qahramon. Uning jasorati tufayli bu kuni ko‘plab odamlar omon qoldi. Biz hali to‘liq ma’lumot kutyapmiz, ammo umid qilamizki, u tez orada sog‘ayib ketadi», — dedi Mustafo.

Ahmad al-Ahmadning jasorati xalqaro miqyosda ham yuqori baholandi. AQSH prezidenti Donald Tramp uni «juda, juda jasur inson» deb atab, ko‘plab insonlarning hayoti aynan uning harakati sabab saqlanib qolganini ta’kidladi. Yangi Janubiy Uels shtati bosh vaziri Kris Minns esa uni «haqiqiy qahramon» deb atadi va bu videoni o‘zi ko‘rgan eng aql bovar qilmas sahnalardan biri sifatida baholadi.

Ahmad al-Ahmadni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ochilgan GoFundMe xayriya kampaniyasi doirasida bir necha soat ichida 300 ming AQSH dollaridan ortiq mablag‘ yig‘ildi. Eng yirik xayriyani milliarder Bill Ekman amalga oshirib, 99 999 Avstraliya dollari ajratdi va kampaniya havolasini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatdi.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze ham bu voqeaga munosabat bildirib, oddiy insonlar og‘ir vaziyatda boshqalar hayotini saqlab qolish uchun o‘z jonini xavf ostiga qo‘ya olishini ta’kidladi.

Bondi-Bichdagi ushbu fojea butun dunyoga bir haqiqatni yana bir bor eslatdi: qahramonlik har doim forma yoki lavozimga bog‘liq emas, ba’zan u oddiy do‘kondorning bir zumlik jasoratida namoyon bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Bondi-Bich fojeasida hujumchidan qurolni tortib olgan qahramon - Ahmad al-Ahmad