
Belarus hokimiyati tomonidan yaqinda ozod etilgan siyosiy mahbuslar — muxolifat siyosatchilari Mariya Kolesnikova va Viktor Babariko, huquq himoyachisi Vladimir Labkovich hamda siyosatshunos Aleksandr Feduta — yakshanba kuni, 14 dekabrda Ukrainaning Chernixiv viloyatida birinchi matbuot anjumanini o‘tkazdilar. Ular qamoqdagi davrlari va ozodlikka chiqish tafsilotlarini omma e’tiboriga havola etdilar.
Ozod etish jarayoni bir kun avval, Minskda AQSH delegatsiyasi bilan Belarus rasmiylari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarning natijasi sifatida amalga oshgan.
Kolesnikova: Qarorimdan afsuslanmayman
Mariya Kolesnikova 2020 yilda Belarus Respublikasini tark etishdan bosh tortgani va shundan so‘ng hibsga olingani haqida afsuslanmasligini bildirdi.
Kolesnikova: “Men Viktor Dmitriyevich (Babariko) va uning o‘g‘li Eduard ifoda etayotgan to‘g‘ri g‘oyani qo‘llab-quvvatlaganimga, qadriyatlarimni himoya qilganimga ishonganman va hanuz shunday. Men yolg‘iz emasman, bundaylar ko‘p”.
U ozodlikka chiqishdagi sa’y-harakatlar uchun AQSH va Ukraina prezidentlari Donald Tramp va Volodimir Zelenskiyga o‘z minnatdorchiligini izhor etdi.
Kolesnikova: "Ishning o‘lik nuqtadan siljishi va ijobiy o‘zgarishlarga umid paydo bo‘lgani uchun Donald Tramp va uning jamoasiga rahmat aytmoqchiman. Prezident Zelenskiyga va butun Ukraina xalqiga — bizlarni qabul qilganingiz uchun rahmat".
U Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoga ham siyosiy mahbuslarni ozod qilishga rozi bo‘lgani uchun minnatdorlik bildirib, bu yo‘nalishda keyingi qadamlar bo‘lishiga umid qildi.
Babariko: Yakkalanish va salomatlik muammolari
Viktor Babariko so‘nggi uch yil davomida to‘liq yakkalangan holda saqlanganini va xat yozish yoki qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati bo‘lmaganini ma’lum qildi. U o‘g‘li Eduard Babariko haqida xavotirda ekanini bildirdi; Eduard hozirda Orshadagi qattiq rejimli koloniyada bo‘lib, unga yana 2 yil qo‘shib berilgan.
Sobiq prezidentlikka da’vogar qamoqda hali ham taxminan ming nafar odam qolganini eslatdi.
Babariko: “Tushunish kerak: bu ozod qilish yetarlicha mediyaviy, mashhur insonlarga tegdi. Lekin biz hech qachon familiyasini eshitmagan odamlarni unutmasligimiz kerak”.
Babariko qamoq davrida salomatligi bilan bog‘liq muammolar bo‘lganini, jumladan, 2023 yilda "nazorat qilib bo‘lmaydigan hushdan ketishlar" kuzatilganini aytdi.
Babariko: “Shunday hushdan ketishlardan birida uyg‘onib ketdim va qovurg‘am singani, o‘pkam yirtilgani, ikki tomonlama o‘pka yallig‘lanishi borligi aniqlandi, menimcha, boshimda 23 ta yoriq ham bor edi. Bu qanday sodir bo‘lganini bilmayman. ... “Urildim” yoki “meni kaltaklashdi” deb ayta olmayman — men bilan nima bo‘lganini bilmayman”.
U Novopolotsk va respublika shifoxonalari shifokorlariga o‘z vaqtida professional yordam ko‘rsatganliklari uchun minnatdorlik bildirdi.
Ukrainaga minnatdorchilik
Huquq himoyachisi Vladimir Labkovich va siyosatshunos Aleksandr Feduta ham Ukraina tomonining "iliq, qulay va juda mehmondo‘st" qabuli uchun minnatdorchilik izhor qildilar. Labkovich, shuningdek, ba’zi ozod etilganlarda faqat rasm tushirilgan ma’lumotnoma mavjudligini aytdi.
Aleksandr Feduta ozod bo‘lganidan so‘ng Ukrainadagi hamshiralar va volontyorlar bilan suhbatlashganda "mamlakat uchun uyat hissini" tuyganini tan oldi.
Feduta: “Chunki shunday voqealar bo‘layotgan mamlakatda bizlarni iliq va ochiq ko‘ngil bilan qabul qilishyapti, holbuki o‘sha shifokorlar va volontyorlar ... bizdan ko‘proq yordamga muhtoj odamlarga yordam berish bilan shug‘ullanadi. Shuning uchun rahmat sizlarga, ukrainlar”.
Belarus hokimiyati jami 123 kishining siyosiy qamoqdan ozod etilganini 13-dekabr kuni — Lukashenko va AQSH delegatsiyasi o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng e’lon qilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.