
AQSh Oliy sudi Donald Trampning Chikago hududiga Milliy gvardiya qo‘shinlarini yuborish rejasini hozircha rad etdi. Sud Illinoys shtati va Chikago shahri rahbariyati bergan da’vo asosida quyi sud qarorini o‘z kuchida qoldirdi. Natijada yuzlab harbiy xizmatchilarni hududga joylashtirish vaqtincha to‘xtatildi.
Sud qarorida hukumat harbiy kuchlardan foydalanish uchun yetarli huquqiy asos keltira olmagani aytildi. Oliy sud prezident Milliy gvardiyani faqat favqulodda holatlarda nazoratga olishi mumkinligini bildirdi. Sudning uch nafar a’zosi bu qarorga qarshi ovoz berdi.
Tramp ma’muriyati Chikago atrofidagi namoyishlarni xavfli deb baholab, federal muassasalar va xodimlarni himoya qilish uchun qo‘shin zarur ekanini ta’kidlagan. Biroq shtat va shahar rahbarlari namoyishlar asosan tinch o‘tayotgani va vaziyatni mahalliy politsiya nazorat qila olayotganini ma’lum qildi.
Illinoys gubernatori JB Pritsker sud qarorini muhim qadam deb baholadi. Uning aytishicha, bu qaror markaziy hokimiyat vakolatlarining haddan oshishiga yo‘l qo‘ymaydi. Sud ishi davom etar ekan, Chikagoga qo‘shin yuborish masalasi keyinchalik yana ko‘rib chiqilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.