
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yaqin vaqt ichida AQSH prezidenti Donald Tramp bilan shaxsan uchrashish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov Amerika tomoni bilan navbatdagi aloqalar natijasi yuzasidan hisobot bergan.
Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida «bir kunni ham boy bermaslik» zarurligini ta’kidlab, yaqin kunlarda eng oliy darajada — prezident Tramp bilan uchrashuv bo‘yicha kelishuvga erishilganini yozdi. Uning fikricha, yangi yilgacha ko‘plab muhim masalalar bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilinishi mumkin. Uchrashuvning aniq sanasi hozircha ochiqlanmagan.
Diplomatik manbalarga tayanib yozgan Kyiv Post nashriga ko‘ra, Zelenskiy Trampning Floridada joylashgan Mar-a-Lago qarorgohiga tashrif buyurishi mumkin. Manbalarning aytishicha, agar barcha tashkiliy masalalar muvofiq kelsa, uchrashuv 28 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi ehtimoldan xoli emas. Shu sana va joyni Axios nashri jurnalisti Barak Ravid ham tilga olgan.
Eslatib o‘tish joizki, bir kun oldin Zelenskiy Tramp jamoasining muzokarachilari — Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan «juda samarali suhbat» o‘tkazganini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, ushbu muloqotlar uzoq muddatli tinchlikka olib borishi mumkin bo‘lgan qator amaliy g‘oyalarni ochib bergan.
To‘rtinchi tashrif: Munosabatlar tiklanadimi?
Bu safar Zelenskiyning Tramp bilan uchrashish uchun AQSHga qilayotgan to‘rtinchi tashrifi bo‘ladi. Ilk uchrashuv 2025 yil fevral oyida Oval kabinetda o‘tkazilib, keskin bahslar bilan yakunlangan edi. Keyingi ikki uchrashuv esa nisbatan tinch va konstruktiv muhitda o‘tgan.
Ayni paytda Zelenskiy–Tramp muloqoti arafasida tinchlik rejasiga oid bir qator murakkab masalalar ochiq qolmoqda. Ular orasida eng bahsli nuqtalardan biri — Zaporijjya atom elektr stansiyasi boshqaruvi hisoblanadi. Ukraina bu obyektni AQSH bilan teng ulushda boshqarishni taklif qilmoqda, Vashington esa unda Rossiya ishtirokini ham nazarda tutuvchi variantlarni ko‘rib chiqmoqda.
Tinchlik rejasi va hududlar masalasi
Uchrashuvda urushni to‘xtatishning ikki xil yondashuvi to‘qnashishi mumkin:
- Zelenskiyning pozitsiyasi: Qo‘shinlarni front chizig‘idan olib chiqish va u yerda erkin iqtisodiy zona yoki demilitarizatsiya qilingan hudud yaratish.
- Putinning talabi: «Donbass — Rossiyaniki» tamoyilidan voz kechmaslik va muayyan hududlarni almashish.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.