
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy juma kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan oliy bosh qo‘mondon stavkasi yig‘ilishida Rossiya qo‘shinlarining yangi xavfli taktikasi haqida bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, Moskva qo‘shinlari Belarus hududidan foydalanib, Ukrainada dronlarni tutib qolishga mo‘ljallangan himoya pozitsiyalarini chetlab o‘tishga harakat qilmoqda.
Prezidentning aytishicha, mazkur yig‘ilish to‘liq dronlar tahdidi, havo himoya chiziqlari va Ukraina tomonidan ko‘riladigan javob choralariga bag‘ishlangan. Zelenskiy o‘z Telegram-kanalida bu vaziyat nafaqat Ukraina, balki Belarus uchun ham jiddiy xavf tug‘dirayotganini alohida urg‘uladi.
“Biz 'Oreshnik' bilan bog‘liq harakatlarni kuzatgan edik, endi esa dronlar orqali amalga oshirilayotgan yangi sxemalarni ko‘ryapmiz. Afsuski, Belarus o‘z suverenitetini Rossiyaning tajovuzkor maqsadlari yo‘lida qurbon qilmoqda”, — deb yozdi davlat rahbari.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiya harbiylari Ukraina havo mudofaasi chegaralarini, jumladan, dron tutib oluvchi tizimlar joylashuvini diqqat bilan o‘rganib, ularni aylanib o‘tishga intilmoqda. Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, zarba berishda qo‘llanayotgan ayrim uskunalar Belarusning chegaraga yaqin aholi punktlarida, hatto turar joy binolari ustiga ham o‘rnatilmoqda.
Prezidentning yozishicha, oddiy besh qavatli uylar tomlarida dronlarni Ukrainaning g‘arbiy hududlaridagi nishonlarga yo‘naltirishga xizmat qiladigan antennalar va aloqa uskunalari joylashtirilgan. Bu holat tinch aholi hayotini mutlaqo inkor etish ekanini Zelenskiy ochiq aytdi.
“Bu juda jiddiy masala. Minsk bunday xavfli o‘yinlarni to‘xtatishi shart. Biz hamkorlarimizni xabardor qilamiz va qo‘shma javob choralarini tayyorlaymiz”, — dedi Ukraina rahbari. Ushbu masala navbatdagi stavka yig‘ilishida yana bir bor muhokama qilinishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko 23 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan amalga oshirilgan hujumlar oqibatida mamlakat energetika infratuzilmasi jiddiy zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Eng katta shikastlanishlar g‘arbiy hududlarda qayd etilgan bo‘lib, Rovno, Ternopil va Xmelnitskiy viloyatlarida aholining katta qismi deyarli to‘liq elektr ta’minotisiz qolgan.
25 dekabr kuni kechqurun esa Rossiya dronlari Volin viloyatidagi muhim infratuzilma obyektini nishonga oldi. Kovel temiryo‘l stansiyasida lokomotiv va yuk vagonlari shikastlandi, depo binolarida portlash to‘lqini sabab oynalar sindi.
Radioelektron kurash va aloqa tizimlari bo‘yicha ekspert Sergey Beskrestnovning fikricha, Rossiya Kiyev—Kovel temiryo‘l yo‘nalishini ataylab nishonga olib, Ukraina va Polsha o‘rtasidagi logistika zanjirini izdan chiqarishga urinayotgan bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, dronlar Rossiya tomonidan uchirilsa-da, ularni boshqarish Belarus hududidan amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda Belarus qo‘shinlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda bevosita ishtirok etmayapti. Biroq ehtimoliy bosqin xavfi sabab Ukraina Qurolli kuchlarining ma’lum qismi Belarus bilan chegara hududida ushlab turilmoqda. Bu esa mamlakat mudofaa resurslariga qo‘shimcha bosim yuklaydi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.