
Xitoy shimoli-g‘arbida transport infratuzilmasi tarixida yangi sahifa ochildi. Mamlakat hududida dunyodagi eng uzun avtomobil tunneli rasman foydalanishga topshirildi. Urumchi — Uvey avtomagistralida joylashgan ushbu inshootning umumiy uzunligi 22 kilometrdan oshib, global miqyosda rekord o‘rnatdi.
«Tyanshan G‘alaba tunneli» deb nomlangan mazkur yirik loyiha Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumani hududida barpo etilgan. U Tyan-Shan tog‘ tizimlari orasida joylashib, uzoq yillar davomida qiyin va xavfli hisoblangan tog‘ yo‘llariga muqobil sifatida xizmat qiladi.
Sinxua axborot agentligining ma’lum qilishicha, tunnelning ishga tushirilishi natijasida tog‘li hududlarda harakatlanish vaqti keskin qisqargan. Ilgari bir necha soat talab etilgan yo‘l endi bor-yo‘g‘i 20 daqiqa ichida bosib o‘tiladi. Bu esa nafaqat haydovchilar, balki butun logistika tizimi uchun katta yengillik yaratmoqda.
Urumchi — Uvey avtomagistrali strategik ahamiyatga ega bo‘lib, u Tyan-Shan tog‘larini kesib o‘tib, mintaqaning shimoliy va janubiy shaharlarini o‘zaro bog‘laydi. Ushbu yirik yo‘l tarmog‘i 12 ta transport tuguni, 17 ta tunnel hamda yuzlab zamonaviy ko‘priklarni o‘z ichiga olgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi tunnel ochilishi natijasida shimoldan janubga safar qilish vaqti avvalgi 7 soat o‘rniga taxminan 3 soatga tushgan. Bu esa mintaqada savdo, turizm va iqtisodiy aloqalarning yanada faollashishiga xizmat qiladi.
Shu tariqa, «Tyanshan G‘alaba tunneli» nafaqat muhandislik yutug‘i, balki Xitoyning zamonaviy transport salohiyati va infratuzilmaviy rivojini namoyon etuvchi muhim ramz sifatida e’tirof etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.