
Rossiyada 2026 yil 1 yanvardan boshlab xorijiy fuqarolarning rus tili, Rossiya tarixi va mamlakat qonunchiligi bo'yicha bilimini tekshirish jarayoni to'liq elektron ko'rinishga o'tkaziladi. Bu tartib patent yoki yashash guvohnomasi olishni rejalashtirganlarning barchasiga taalluqli bo'ladi. Mamlakat Ta'lim va fan vazirligi imtihonlarni kompyuter orqali o'tkazishga rasman o‘tayotganini tasdiqladi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Islohotdan ko'zlangan asosiy maqsad — baholashdagi “inson omili”ni kamaytirish, jarayon shaffofligini kuchaytirish va korrupsiya xavfini pasaytirish. Endilikda qog'oz blanklar hamda videoyozuvsiz o‘tkaziladigan yuzma-yuz suhbatlar amaliyotdan chiqariladi.
Yangi tartibga ko'ra, testlar masofaviy texnologiyalar orqali o'tkaziladi. Bu nazorat organlariga 203 ta test punktining istalganida imtihon jarayonini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi.
Shu bilan birga, topshiriqlar bo'yicha maxfiylik kuchaytiriladi: avvalgi yillardagidek javoblarni ochiq e'lon qilish amaliyoti bekor qilinadi. Imtihon savollari bazasi har oy yangilanib borilishi rejalashtirilgan — bu esa eski “shpargalka”lar yoki sotib olingan “kalit”larning foydasini yo'qqa chiqaradi.
Reforma imtihon qabul qilish huquqiga ega tashkilotlar ro'yxatini ham tartibga soladi. Endi bu vakolat faqat davlat muassasalariga beriladi, ularning faoliyati ustidan qat’iy nazoratni esa Rosobrnadzor amalga oshiradi. Markazlashtirish orqali avval sertifikatni test topshirmasdan rasmiylashtirishni va’da qilgan vositachilar hamda “kulrang sxema”lar yo‘q qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.