date

Italiya qishlog‘ida 30 yil davomida ilk bor tug‘ilish qayd etildi

Italiya qishlog‘ida 30 yil davomida ilk bor tug‘ilish qayd etildi

Italiyada so‘nggi o‘ttiz yil davomida birinchi marta qishloqlardan birida chaqaloq tug‘ilishi qayd etildi. Abrutsso viloyatida joylashgan, Apennin tog‘lari bag‘rida qad rostlagan Palyara-dey-Marsi qishlog‘ida Lara ismli qizaloqning dunyoga kelishi mamlakatda tobora chuqurlashib borayotgan demografik inqiroz masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.

Garifalko tog‘i yonbag‘rida joylashgan bu qadimiy qishloqda hozir mushuklar soni odamlardan ham ko‘p. Tor ko‘chalarda erkin kezib yuradigan mushuklarning ovozi yillar davomida aholi kamayishi sabab hukm surgan sukunatni go‘yo to‘ldirib turganday. The Guardian nashri jurnalisti Anjela Jufridaning ta’kidlashicha, qishloq hayoti uzoq vaqtdan beri jimjit kechib kelgan.

Lara Bussi Trabukko ushbu qishloqda 30 yil ichida tug‘ilgan ilk chaqaloq bo‘ldi. Uning dunyoga kelishi bilan Palyara-dey-Marsi aholisi soni taxminan 20 nafarga yetdi. Qishloq markazidagi cherkovda o‘tkazilgan cho‘qintirish marosimida butun mahalliy jamoa qatnashdi. Hatto mushuklar ham bu voqeaning guvohi bo‘ldi, deyishadi mahalliylar.

Chaqaloq tug‘ilishi qishloq uchun shunchalik noodatiy voqea bo‘ldiki, hozirda Lara sayyohlar diqqatini tortuvchi ramzga aylanib ulgurdi. “Avval bu qishloq haqida eshitmaganlar ham endi faqat Lara uchun kelyapti”, — deydi uning onasi Chinsiya Trabukko. Uning aytishicha, qizaloq hali to‘qqiz oylik bo‘lishiga qaramay, allaqachon butun Italiyaga tanila boshlagan.

Jurnalist Anjela Jufrida Laraning tug‘ilishi bir paytning o‘zida umid ramzi ham, demografik xavf haqida jiddiy ogohlantirish ham ekanini ta’kidlaydi. Italiya milliy statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda mamlakatda tug‘ilishlar soni so‘nggi 16 yildagi eng past ko‘rsatkich — 369 944 taga tushgan. Tug‘ilish koeffitsiyenti esa ayol boshiga o‘rtacha 1,18 nafar bolani tashkil etgan bo‘lib, bu Yevropa Ittifoqidagi eng quyi ko‘rsatkichlardan biri sanaladi.

Mutaxassislar bu holatni ish o‘rinlari yetishmasligi, yoshlar orasida emigratsiyaning ortishi, ishlaydigan onalar uchun qo‘llab-quvvatlashning zaifligi va hatto erkaklar bepushtligining ko‘payishi bilan izohlamoqda. Shu bilan birga, Italiyada farzand ko‘rishdan ongli ravishda voz kechayotganlar soni ham ortmoqda.

2025 yilning dastlabki yetti oyi bo‘yicha olingan ma’lumotlar tug‘ilishlar yanada kamayganini ko‘rsatadi. Xususan, Abrutsso viloyatida tug‘ilishlar bir yil ichida 10,2 foizga qisqargan. Palyara-dey-Marsi kabi kichik qishloqlar esa bu umummilliy muammoning yaqqol timsoliga aylanmoqda: aholi qarib bormoqda, maktablar bo‘shab qolmoqda, kelajak esa mavhum.

Lara tug‘ilganidan so‘ng, uning ota-onasi 1000 yevro miqdoridagi bir martalik “farzand mukofoti”ni oldi. Bu to‘lov 2025 yildan boshlab har bir yangi tug‘ilgan yoki asrab olingan bola uchun joriy etilgan. Shuningdek, oila har oy taxminan 370 yevro bola nafaqasi olyapti. Biroq The Guardian qayd etganidek, asosiy muammo — bolani tarbiyalashni ish faoliyati bilan uyg‘unlashtirish masalasi hali ham yechimini topmagan.

Laraning ota-onasi uning kelajakda ta’lim olishi haqida ham xavotirda. Chunki Palyara-dey-Marsida maktab o‘nlab yillar avval yopilgan, yaqin shahardagi ta’lim muassasalarining esa qancha muddat ishlashini hech kim aniq ayta olmaydi. Shunday bo‘lsa-da, qishloq aholisi Larani umid va yangi hayot timsoli sifatida qabul qilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Italiya qishlog‘ida 30 yil davomida ilk bor tug‘ilish qayd etildi