Venesuelada vaqtinchalik prezident vazifasi vitse-prezidentga topshirildi

Venesuela Oliy sudi Nikolas Maduro mamlakatda yoʻqligi sababli prezident vakolatlarini vaqtincha vitse-prezident Delsi Rodriges bajarishini belgiladi. Sud bayonotida bu qadam davlat boshqaruvida uzviylikni saqlash, mamlakatni har tomonlama himoya qilish va davlat institutlari barqaror ishlashini taʼminlashga qaratilgani qayd etildi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Shu kuni Delsi Rodriges Venesuela davlat televideniyesi orqali xalqqa murojaat qildi. U Nikolas Maduro hanuz mamlakatning yagona qonuniy prezidenti ekanini taʼkidladi, shuningdek AQSHning Venesuelaga nisbatan “qurolli tajovuzi”ni qoralab, amaldagi hokimiyat xalq va davlat suverenitetini himoya qilishga tayyorligini bildirdi.
Murojaat yuqori martabali amaldorlar ishtirokida yozib olingani aytildi. Ular orasida Milliy assambleya raisi Xorxe Rodriges, ichki ishlar vaziri Diosdado Kabello hamda mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes bor.
Delsi Eloina Rodriges Gomes 1969 yil 18 mayda tugʻilgan. U Markaziy Venesuela universitetida huquqshunoslik yoʻnalishida tahsil olgan va faoliyatini tashqi siyosat bilan bogʻliq davlat hamda xalqaro tuzilmalarda boshlagan.
2014–2017 yillarda u Venesuela tashqi ishlar vaziri boʻlib ishlagan, BMT va mintaqaviy tashkilotlar doirasida mamlakat pozitsiyasini himoya qilgan hamda sanksiyalar bosimi kuchaygan sharoitda tashqi aloqalarni boshqargan. 2017 yilda esa Maduro tashabbusi bilan tuzilgan Konstitutsiyaviy assambleyaga rahbarlik qilib, u muxolifat nazoratidagi parlament vakolatlarining bir qismini oʻz zimmasiga olgan.
2018 yil iyundan buyon Delsi Rodriges vitse-prezident lavozimida. Bu maqomda u hukumatning iqtisodiy blokini muvofiqlashtiradi, energetika, sanksiyalar va xalqaro hamkorlik boʻyicha muzokaralarda ishtirok etadi.
Delsi Rodriges AQSH, Yevropa Ittifoqi va yana bir qator davlatlarning shaxsiy sanksiyalari ostida. Cheklovlar demokratik institutlarni zaiflashtirish va inson huquqlarini buzish haqidagi ayblovlar bilan izohlangan. U Venesuela ijro hokimiyatining asosiy figuralaridan biri hamda Maduroning yaqin hamkorlaridan sanaladi.
Avvalroq AQSH Maduro va uning rafiqasini “narkoterrorizm” hamda kokain kontrabandasi bo‘yicha ayblagan. 3 yanvarga oʻtar kechasi AQSH Karakasdagi bir nechta obyekt, jumladan aviabaza va harbiy bazalarga zarbalar bergani haqida xabarlar tarqaldi. Donald Tramp “keng ko‘lamli operatsiya” o‘tkazilganini tasdiqlab, Nikolas Maduro rafiqasi bilan birga qoʻlga olingani va mamlakatdan olib chiqib ketilganini maʼlum qildi.
Yevropa Ittifoqi esa vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini bildirib, Maduroning legitimligi yetarli emasligi haqidagi avvalgi pozitsiyasida qolishini qayd etdi. Xabarda Maduroning qoʻlga olinishi Ugo Chaves hokimiyatga kelgan davrdan boshlangan uzoq qarorlar, xatolar va ziddiyatlar zanjirining yakuniy nuqtasi sifatida talqin qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!