date

Trampning nabirasi Kay qo‘riqchilaridan shikoyat qildi

Trampning nabirasi Kay qo‘riqchilaridan shikoyat qildi

AQSH prezidenti Donald Trampning 18 yoshli nabirasi Kay Tramp shaxsiy hayotidagi eng “og‘ir” muammolaridan biri — xavfsizligini ta’minlaydigan qo‘riqchilarning doimiy hamrohligi haqida ochiq gapirdi. U bu haqda 76 million obunachiga ega influyenser Logan Polning Impaulsive podkastida aytdi.

Kay suhbat davomida o‘z hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar, oddiy kundalik vaziyatlar ham qay darajada boshqacha tus ola boshlagani haqida to‘xtaldi. Ayniqsa, Maxfiy xizmatning uzluksiz nazorati uning erkinligiga ta’sir qilayotganini yashirmadi: u qayerga bormasin, baribir qo‘riqchilar kuzatuvida.

“Bu juda qiyin. Ular hayotimda paydo bo‘lgach, katta o‘zgarish bo‘ldi… Do‘stlaring bilan, bir guruh qizlar bilan vaqt o‘tkazayotganingda, taxminan bir metr orqangda bir erkak tursa, juda g‘alati tuyuladi”, — deydi Kay Tramp.

Uning ta’kidlashicha, aynan shu nazorat uchrashuvlarda ham “kayfiyatni buzuvchi” omilga aylanishi mumkin. Kayning so‘zlariga ko‘ra, romantik uchrashuv paytida agentning ikki stol narida o‘tirishi — insonni tabiiy ravishda noqulay holatga soladi.

“Ochig‘ini aytsam, bir yigit bilan uchrashuvda bo‘lib, u sendan ikki stol narida o‘tirishi chindan ham noqulay. Bu biroz g‘alati. Lekin ilojim boricha bunga e’tibor bermaslikka harakat qilaman”, — dedi u.

Kay 2024 yilda bobosi Donald Tramp prezidentlikka saylangach, bu holatga ma’lum ma’noda moslashganini ham qo‘shimcha qildi. U “diqqatni jamlab, qo‘riqchilarni go‘yo yo‘qdek tasavvur qilish”ga o‘rganib qolganini aytdi.

Qizig‘i, uchrashuvlardagi shunga o‘xshash “nazoratli hayot” Kayning o‘zidan bir yosh katta amakisi — Barron Trampda ham bor. U ayollar orasida mashhur ekani ham tilga olindi. Page Six tabloidining yozishicha, Donald va Melaniyaning o‘g‘li uchrashuvga chiqishi uchun go‘yoki Trump Tower binosining butun bir qavati tekshirib chiqilgan.

Kay esa hozircha oila qurish haqida o‘ylamayotganini ochiq aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, onasi Vanessa Tramp doimo bir maslahatni takrorlaydi: avvalo karera, keyin qolgani.

“Onam har doim: ‘Karerangga e’tibor ber. Uni yo‘lga qo‘ygach, keyin shu bilan shug‘ullanasan’, deydi”, — deydi Kay.

Ma’lum qilinishicha, Vanessa Tramp bir paytlar model bo‘lgan, keyin esa besh farzandni dunyoga keltirgan. Kay ham o‘zi uchun shunga o‘xshash yo‘lni ko‘rayotganini, birinchi navbatda golfdagi karerasini rivojlantirish, musobaqalarda g‘alaba qozonishni maqsad qilganini ta’kidladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Trampning nabirasi Kay qo‘riqchilaridan shikoyat qildi