Tramp vakillari Kremlda Putin bilan urushni to‘xtatishni muhokama qildi

AQSH prezidenti Donald Trampning vakillari — maxsus elchi Stiv Uitkoff, Oq uyning katta maslahatchisi Josh Gryunbaum hamda Trampning kuyovi Jared Kushner 22 yanvar kuni Kremlda yopiq eshiklar ortida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Uchrashuvda Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan urushni to‘xtatish bo‘yicha navbatdagi marta yechim yo‘llari muhokama qilindi.
Kushner 2017 yil yanvaridan 2021 yil yanvarigacha Trampning katta maslahatchisi lavozimida ishlagan. Hozir u AQSH ma’muriyatida rasmiy maqomga ega emas, biroq qaynotasiga ta’sirini saqlab qolgani va Oq uyning diplomatik hamda siyosiy tashabbuslarida ishtirok etishi qayd etilmoqda.
Gryunbaum muzokaralarda ilk bor qatnashdi
Josh Gryunbaum AQSH Umumiy xizmatlar ma’muriyati tarkibidagi Federal xaridlar xizmati komissari hisoblanadi. Shuningdek, u Tramp tomonidan yaqinda tashkil etilgan “Tinchlik kengashi”ning katta maslahatchisi etib tayinlangan. Mazkur muzokaralarda u birinchi marta qatnashgani ta’kidlandi.
Suhbat 3 yarim soatdan ortiq davom etgan
Kreml matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muloqot 3 yarim soatdan ko‘proq vaqtga cho‘zilgan. Rossiya tomonidan uchrashuvda Vladimir Putindan tashqari uning yordamchisi Yuriy Ushakov hamda Rossiya prezidentining maxsus vakili, Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bosh direktori Kirill Dmitriyev ishtirok etgan.
Kutilishicha, muzokaralar yakunlari bo‘yicha Yuriy Ushakov ommaviy axborot vositalari uchun telefon orqali brifing o‘tkazadi.
Oldingi uchrashuv natijasi katta burilish bermagan
Uitkoff va Putin o‘rtasidagi shunga o‘xshash avvalgi uchrashuv 2025 yil dekabri boshlarida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda muzokaralar besh soat davom etgan, ammo sezilarli yutuq keltirmagani haqida xabarlar tarqalgan edi.
“Tinchlik kengashi” va muzlatilgan aktivlar masalasi ham kun tartibida
TASS agentligi Putinning uchrashuv arafasidagi bayonotlariga tayanib, tomonlar boshqa masalalar qatori Tramp Falastin—Isroil va boshqa mojarolarni hal etish uchun tashkil etgan “Tinchlik kengashi”ga Rossiyani taklif qilish masalasini ham muhokama qilishni rejalashtirganini xabar qildi. Shu bilan birga, AQSH hududida muzlatilgan Rossiya aktivlarining taqdiri haqida ham so‘z yuritilishi mumkinligi aytildi.
21 yanvar kuni Putin mazkur aktivlardan “Tinchlik kengashi”ga 1 milliard dollar yo‘naltirish, qolgan qismini esa Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davomida zarar ko‘rgan hududlarni tiklashga ajratish mumkinligini bildirgan. Ammo gap Kiyev nazoratidagi hududlar haqida ketyaptimi yoki Rossiya tomonidan nazoratga olingan hududlar haqidami — bu jihat aniqlashtirilmagan.
Abu-Dabidagi navbatdagi bosqich kutilmoqda
Kutilishicha, Ukrainada tinchlikka oid kelishuv yuzasidan navbatdagi muhokamalar 23 yanvar kuni Abu-Dabida davom etadi. Uzoq vaqtdan beri birinchi marta u yerda Moskva va Kiyev vakillari bevosita uchrashishi aytilmoqda. AQSH esa vositachi sifatida jarayonda ishtirok etishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!