Hasakadagi operatsiya ortidan Asad davridagi yana bir yuqori lavozimli shaxs ushlangani aytildi

Suriya Ichki ishlar vazirligiga tayanib, SANA davlat axborot agentligi xabar berishicha, Damashq viloyati Ichki xavfsizlik qo‘mondonligi Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda Hasaka viloyati yaqinida qo‘shma operatsiya o‘tkazdi. Natijada 2010–2014 yillarda Harbiy xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan sobiq general-mayor Rateb Ali G‘anemiy hibsga olindi.
Vazirlikning Telegram’dagi ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki tekshiruvlar G‘anemiyning bir nechta xavfsizlik lavozimlarida faoliyat yuritganini ko‘rsatgan. Jumladan, u Sa’sa bo‘limi rahbari o‘rinbosari bo‘lishidan avval Hasaka shahridagi Harbiy xavfsizlik bo‘limiga rahbarlik qilgan. Qayd etilishicha, u bu lavozimlarga Bashar al-Asad tomonidan bevosita tayinlangan.
Ichki ishlar vazirligi bildirishicha, o‘sha davrda G‘anemiy namoyishlarni bostirish, ko‘plab fuqarolarni hibsga olish hamda asosiy huquq va erkinliklar buzilishi bilan bog‘liq repressiv choralarni amalga oshirishda ishtirok etgan, deb gumon qilinmoqda. Ta’kidlanishicha, bu holatlar fuqarolarning fundamental huquqlari qo‘pol ravishda poymol etilishiga olib kelgan. Asad rejimi ag‘darilganidan keyin esa u kurdlarning YPG/SDF qurolli tuzilmalariga qo‘shilib olgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!