date

Tramp Eronga harbiy variantni rad etmadi: harbiy kemalar yo‘l olmoqda

Tramp Eronga harbiy variantni rad etmadi: harbiy kemalar yo‘l olmoqda

AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi harbiy harakatlar ehtimoli haqidagi savollarga yana “yo‘q” deb nuqta qo‘ymadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonda “har ehtimolga qarshi” harakat rejasi bor va AQSHning ulkan harbiy floti mintaqadagi vaziyatga qarab harakatlantirilmoqda.

Tramp bu fikrlarni payshanba kuni, 22 yanvarda Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida qatnashib qaytar ekan, jurnalistlar bilan muloqotda aytdi. “Bizda armada bor — katta flot har ehtimolga qarshi o‘sha tomon harakatlanyapti. Balki uni ishlatishga to‘g‘ri kelmas. Ko‘ramiz”, — degan Oq uy rahbari.

Shu bilan birga, Tramp Tehronga qarshi kuch ishlatishni xohlamayotganini ham ta’kidladi. U “Eronni diqqat bilan kuzatyapmiz” deb, vaziyat nazorat ostida ekanini qayd etgan.

Reuters agentligi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan amerikalik amaldorlarga tayanib xabar berishicha, yaqin kunlarda Yaqin Sharqqa “Avraam Linkoln” aviatashuvchisi hamrohligida boshqariladigan raketalarga ega bir necha esmineslar yetib borishi kutilmoqda. Manbalardan biri mintaqada AQSH bazalarini ehtimoliy zarbalardan himoya qilish uchun qo‘shimcha havo mudofaasi tizimlari ham joylashtirilishi mumkinligini aytgan.

Bu bayonotlar Eronda 2025 yil dekabri oxirida boshlangan ommaviy namoyishlar va ularning qattiqqo‘llik bilan bostirilishi fonida yangradi. AQSHda joylashgan HRANA huquqni himoya qilish tarmog‘i ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarni bostirish jarayonida 5002 kishi halok bo‘lgani tasdiqlangan. Ular orasida 4714 nafar namoyishchi, 207 nafar davlat xodimi, 42 nafar voyaga yetmagan va 39 nafar tasodifiy shaxs qayd etilgan. Qolaversa, yana 9787 ta o‘lim holati bo‘yicha tekshiruv davom etayotgani bildirilgan.

Shuningdek, Reuters agentligiga maxfiylik sharti bilan gapirgan Eron hukumati vakili ham shunga yaqin raqamni tilga olgan: kamida 5000 kishi halok bo‘lgan, ular orasida taxminan 500 nafar kuch tuzilmalari xodimlari bor. Ushbu amaldor “aybi yo‘q eronliklar” o‘limi uchun mas’uliyatni namoyishchilar zimmasiga yuklashga uringani ham aytilgan.

HRANA faollari ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 26 800 kishi hibsga olingan. Eron davlat OAVlari ham mamlakatning bir nechta hududlarida so‘nggi kunlarda ko‘plab hibslar bo‘lganini xabar qilgan.

Eslatib o‘tish joiz, Tramp avvalroq ham keskin ohangda chiqish qilgan: agar Eron hokimiyati namoyishchilarni ommaviy ravishda o‘ldira boshlasa, Tehronga “hali ko‘rilmagan zarbalar” berilishi mumkinligini aytgan, namoyishchilarga yordam “yo‘lda” ekanini ham bildirgan edi. Biroq 16 yanvar kuni u nisbatan yumshoqroq ohangda gapirib, “Eron 800 dan ziyod odamni osib o‘ldirishni bekor qildi”, degan.

Shu bilan bir vaqtda, Tramp ma’muriyati harbiy ssenariyga tayyorgarlikni to‘xtatmagan. Axios nashri manbalarga tayanib, zarbalar bo‘yicha qaror kechiktirilganini, ammo harbiy variant kun tartibidan butunlay olib tashlanmaganini qayd etgan.

Hozircha asosiy savol shu: Vashington “flot yurib boryapti” degan signal bilan bosimni oshirib, diplomatik natija chiqarmoqchimi yoki voqealar haqiqatan ham yangi bosqichga o‘tib ketadimi. Trampning “ko‘ramiz” degani esa, odatdagidek, eng katta noaniqlikni qoldirdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Eronga harbiy variantni rad etmadi: harbiy kemalar yo‘l olmoqda