Hindistonda o'lim darajasi yuqori bo'lgan Nipah virusi yana avj oldi

Hindistonda Nipah virusi bilan bog'liq navbatdagi kasallanishlar qayd etildi. G'arbiy Bengaliya shtatida kamida besh kishi zararlangani tasdiqlandi, bemorlar orasida shifokorlar va hamshiralar ham bor. The Independent xabariga ko'ra, qariyb 100 kishi uy sharoitida karantinga yuborilgan. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Zararlanganlar Kalkutta hamda unga yaqin tibbiyot muassasalarida shifoxonaga yotqizilgan. Mutaxassislar Nipah virusi Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tasnifida eng xavfli patogenlar qatoriga kiritilishini eslatmoqda.
Ushbu virusda o'lim ko'rsatkichi 40–75 foizgacha yetishi mumkin. Hozircha vaksinasi ham, aniq yo'naltirilgan davosi ham yo'q — bemorlarga faqat simptomlarni yengillashtirishga qaratilgan qo'llab-quvvatlovchi muolajalar ko'rsatiladi.
Asosiy tashuvchi sifatida yarasalar tilga olinadi. Infeksiya hayvonlar orqali, oziq-ovqat mahsulotlari orqali yoki odamdan odamga yuqishi mumkin. Inkubatsiya davri odatda 4 kundan 21 kungacha davom etadi.
Kasallik ko'pincha grippga o'xshash alomatlar — yuqori harorat, bosh va mushak og'rig'i, kuchli holsizlik bilan boshlanadi. Ayrim holatlarda yo'tal, nafas qisishi va pnevmoniya rivojlanadi.
Eng xavfli asorat sifatida miya yallig'lanishi qayd etiladi: u ongning chalkashishi, tutqanoq xurujlari bilan kechishi va komaga olib kelishi mumkin. Omondan chiqqanlarning ayrimida uzoq muddatli oqibatlar, jumladan qaytalanuvchi ensefalit kuzatiladi.
Nipah virusi ilk bor 1999 yilda Malayziyada aniqlangan. Shundan buyon Banglades h va Hindistonda vaqti-vaqti bilan kasallanish to'lqinlari qayd etib kelinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!