Londonda Ramazon kayfiyati Coventry Streetni yoritib yubordi

Angliya poytaxti Londondagi mashhur Coventry Street bu yil ham Ramazon oyi munosabati bilan bayramona yoritish bezaklariga burkandi. Bu haqda London meri Sodiq Xon ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi.
London markazida Piccadilly Circusdan Leicester Squaregacha cho‘zilgan ushbu ko‘cha kechqurun yanada fayzli tus oldi. Loyiha “Aziz” jamg‘armasi tomonidan London munitsipaliteti bilan hamkorlikda amalga oshirilgani qayd etildi.
Bu yil bezaklar geometrik yorug‘lik naqshlari asosida tayyorlandi. Piyodalar boshi uzra “Happy Ramadan!” (“Ramazon muborak!”) yozuvi tushirilgan yorug‘lik installyatsiyasi o‘rnatildi. Umumiy hisobda bezash ishlari uchun 31 mingdan ortiq LED chiroq ishlatilgan.
Ma’lum qilinishicha, chiroqlar har kuni mahalliy vaqt bilan 17:00 dan 01:00 gacha yoqiladi va 19 martga qadar ishlaydi. Bu esa Ramazon kayfiyatini nafaqat musulmonlar, balki London mehmonlari va sayr qiluvchilar uchun ham yaqqol his qildirishi tabiiy.
Yoritish marosimida mer Sodiq Xon jamg‘arma vakili bilan birga ramziy tarzda chiroqlarni yoqdi. Uning ta’kidlashicha, London G‘arb dunyosida Ramazon sharfiga markaziy ko‘chasi maxsus bezatiladigan ilk shaharlaridan biri sanaladi.
Merning fikriga ko‘ra, Ramazon — turli millat va din vakillarini yaqinlashtiradigan, o‘zaro hurmat va birdamlik tuyg‘usini kuchaytiradigan muhim davr. 2023 yilda boshlangan bu tashabbus esa bugunga kelib Londonning ajralmas Ramazon an’analaridan biriga aylanib ulgurgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!