Tramp «o‘zga sayyoraliklar» haqidagi hujjatlarni maxfiylikdan chiqarmoqchi

AQSH prezidenti Donald Tramp noma’lum uchar jismlar (NUJ), UAP va yerdan tashqari hayotga oid davlat hujjatlari bo‘yicha “yopiq papkalar”ni ochish niyati borligini bildirdi. Uning aytishicha, Pentagon va boshqa idoralarga ushbu mavzudagi materiallarni bosqichma-bosqich aniqlab, maxfiylikdan chiqarish va jamoatchilikka taqdim etish vazifasi qo‘yiladi.
Tramp bu masalani Truth Social’da ham ko‘tarib, ehtimoliy maxfiylashtirishni bekor qilish jarayonini “juda murakkab, lekin juda qiziqarli va muhim” deb atagan. Asosiy sabab sifatida esa jamoatchilikdagi ulkan qiziqishni keltirgan. Qisqasi, “hamma so‘raydi, demak ko‘ramiz” degan kayfiyat.
Bu mavzudagi shov-shuvning alangalanishiga yana bir omil turtki bo‘ldi. 15 fevral kuni sobiq prezident Barak Obama intervyu/podkastda koinot ulkan bo‘lgani uchun qayerdadir hayot bo‘lishi ehtimoli yuqori ekanini aytgan, shu bilan birga hazil aralash tarzda prezidentligi davrida “biz bilan aloqa bo‘lgan”iga oid dalil ko‘rmaganini ham qo‘shimcha qilgan. Keyinchalik u shu gaplar virusdek tarqalganidan so‘ng, “yerga kelib qolishganiga dalil ko‘rmaganman” degan ma’noda aniqroq tushuntirish ham bergan.
19 fevral kuni esa Tramp jurnalistlar bilan muloqotda Obamaning shu fikrlarini “maxfiy ma’lumotlarni oshkor qildi” deb baholadi va “bu haqda gapirish shart emas edi” mazmunida tanqid qildi. Ya’ni, Trampning pozitsiyasida Obamaning oddiy ehtimol haqidagi gapi ham “sir” bilan bog‘lanyapti.
Hozircha Pentagon yoki boshqa rasmiy idoralar hujjatlar qachon, qay tartibda va qay darajada e’lon qilinishi bo‘yicha aniq taqvimni ochiqlamagan. Shuning uchun yaqin kunlarda eng muhim nuqta — gap shunchaki bayonotmi yoki real mexanizm ishga tushadimi, degan savol bo‘ladi.
E’tiborli jihati: agar haqiqatdan ham katta hajmda material ochilsa, bu NUJ mavzusini yanada “pop” qilishi aniq. Lekin muxlislar (va konspirologiyani yoqtiradiganlar) uchun bitta sovuq haqiqat ham bor: oxirgi yillardagi rasmiy tahlillarda NUJ deb qayd etilgan holatlarning katta qismiga dron, shar, optik illyuziya kabi tushuntirishlar berilgan, “yerdan tashqari” degan qat’iy isbot esa hali ham yo‘q. Demak, intriga bor, ammo final spoylersiz — hozircha.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!