Kaliforniyadagi qor ko‘chkisida bedarak yo‘qolgan to‘qqizinchi jasad topildi

Qutqaruvchilar Kaliforniyadagi Kasl-Pik tog‘ida ko‘chkidan keyin bedarak yo‘qolgan to‘qqizinchi chang‘ichining jasadini topdi. Jami 15 kishi qor ostida qolgan.
Oqibatda to‘rt nafar erkak va ikki nafar ayol tirik qolgan holda qutqarib olindi. Qolgan to‘qqiz nafar chang‘ichi halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
"The New York Times" nashri xabar berishicha, ko‘chki 17-fevral kuni sodir bo‘lgan. Olti kishi smartfonidagi SOS funksiyasi orqali yordam so‘raganidan keyin qutqarilgan.
Omon qolganlar qutqaruvchilarni uch nafar qurbon jasadi topilgan joyga boshlab borgan. Keyinroq yana besh nafar chang‘ichining jasadi aniqlangan.
To‘qqizinchi qurbonning jasadi qidiruv ishlari boshlanganidan bir hafta o‘tgach topilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari qiyin sharoitda olib borilgan.
Barcha 15 chang‘ichi Kasl-Pik hududida yovvoyi tabiat bag‘ridagi sayohatni yakunlayotgan guruh a’zolari bo‘lgan. Ular orasida to‘rt nafar professional gid va bu hududga tez-tez kelib turadigan do‘stlar guruhi ham bor edi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqada kuchli qor bo‘roni kutilgan va sayohat boshlanishidan oldin ko‘chki xavfi yuqori ekani haqida ogohlantirish amal qilgan. Shu sabab xavf omillari oldindan qayd etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!