Эрон Баҳрайндаги Исроил элчихонасига ракета зарбалари берди

Yaqin Sharqdagi harbiy qarama-qarshiliklar yangi bosqichga ko'tarildi. Eron bir vaqtning o'zida bir nechta davlat hududidagi strategik obyektlarga dron va raketalar yordamida zarbalar berishni boshladi. Xususan, Bahrayn poytaxti Manamadagi "Financial Harbour Towers" majmuasiga hujum uyushtirildi. Ma'lumotlarga ko'ra, ushbu binoda Isroil elchixonasi joylashgan bo'lib, hujum qiluvchi dronlardan biri nishonga yetmasdan yo'q qilingan.
Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni mudofaa tizimlari Al-Xarj viloyati va Ar-Riyod atrofida bir nechta qanotli raketa hamda dronlarni urib tushirdi. Qatarda ham vaziyat jiddiy tus olgan. Al-Udayd harbiy bazasiga qaratilgan hujum havo mudofaa kuchlari tomonidan bartaraf etilgan. AQSh harbiy obyektlari joylashgan ushbu hududda xavfsizlik choralari kuchaytirilib, Doxa aholisiga uydan chiqmaslik va ochiq joylardan uzoqroq yurish bo'yicha ogohlantirish berildi.
Mintaqadagi urush ko'lami kengayib, Turkiya va Ozarbayjon kabi davlatlarga ham ta'sir ko'rsata boshladi. Ushbu voqealar fonida Yevropa Ittifoqi rahbarlari Bryusselda favqulodda yig'ilish o'tkazdi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo'yicha vakili Kaya Kallas va boshqa yetakchilar Fors ko'rfazi hamkorlik kengashi vakillari bilan muzokaralar olib borib, Eronning harakatlarini keskin qoraladi va mintaqa davlatlarini qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!