Sun'iy yo'ldosh tasvirlari Eron hujumlarining oqibatlarini fosh qildi

Yaqin Sharqdagi harbiy vaziyat keskinlashib bormoqda. So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Eron mintaqadagi AQSH va uning ittifoqchilari harbiy infratuzilmasiga qarshi samarali operatsiyalarni amalga oshirmoqda. Sun'iy yo'ldosh orqali olingan suratlar Eron raketalari va dronlari AQSHning muhim mudofaa tizimlariga, xususan, radar stansiyalari hamda THAAD majmualariga jiddiy zarar yetkazganini tasdiqlamoqda. Bu haqda topnews.ru xabar beradi.

Tahlilchilarning qayd etishicha, 5 mart holatiga ko'ra, Eron kuchlari 27 ga yaqin Amerika harbiy ob'ektiga hujum qilgan. Jumladan, Qatardagi qiymati 1,1 milliard dollarga baholanayotgan AN/FPS 132 radar stansiyasi "Shahed 136" droni orqali nishonga olingan. Shuningdek, BAA, Iordaniya va Saudiya Arabistonidagi bazalarda ham vayronagarchiliklar kuzatilgan.

Ekspertlar bu qarama-qarshilikni "charchatish urushi" deb atamoqda. AQSH o'zining qimmatbaho raketalarini tez sur'atda sarflamoqda, bu esa zaxiralarning kamayib ketish xavfini tug'dirmoqda. Vashington Post nashri xabariga ko'ra, Pentagon yuqori texnologiyali o'q-dorilar tanqisligi sababli nishonlarni tanlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Boshqa tomondan, Eron ham katta yo'qotishlarga uchramoqda. AQSH va Isroil aviatsiyasi Eronning yer osti raketa bazalari hamda uchirish qurilmalarini nishonga olmoqda. So'nggi kunlarda Eron hujumlari intensivligi sezilarli darajada pasaygan bo'lsa-da, mutaxassislar buni Tehronning yangi taktikaga o'tayotgani yoki resurslarni qayta baholayotgani bilan izohlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!