Go‘sht qimmatlashdi Qozog‘iston sababini ochiqladi

Qozog‘istonda go‘sht narxi qo‘shni davlatlarga, ayniqsa O‘zbekistonga faol eksport qilinayotgani sababli yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu haqda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Yerbol Tasjurekovga tayanib, “Belles.kz” xabar berdi.
Jurnalistlar vazir o‘rinbosaridan chorvachilikni rivojlantirish uchun davlat dasturlariga milliardlab mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, nima uchun qozog‘istonliklar narxlar pasayganini haligacha sezmayotganini so‘rashgan. Yerbol Tasjurekov esa mamlakatda go‘sht tanqisligi yo‘qligini, ammo mol go‘shtining katta qismi tashqi bozorga chiqarilayotgani uchun narxlar yuqoriligicha qolayotganini aytgan.
Uning ta’kidlashicha, yaqin atrofdagi davlatlarga, xususan, O‘zbekistonga katta hajmda eksport ketmoqda. Sababi esa Qozog‘iston go‘sht mahsulotlariga talab yuqori ekani bilan izohlangan.
Vazir o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, Qozog‘istonda qariyb 430 ming tonna go‘sht ishlab chiqariladi, ichki bozor ehtiyoji esa 400 ming tonnani tashkil etadi. Ortib qolgan mahsulotlar eksportga yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, yaqin uch yil ichida mamlakatda chorvachilikni yanada rivojlantirishga turtki beradigan kompleks reja qabul qilinishi ham aytildi.