Yaponiyadagi restoranning shaffof go‘shti internetda shov-shuvga sabab bo‘ldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Yaponiyaning Shabu-yo restoranlar tarmog‘i mijozlarga o‘ta yupqa, shaffof ko‘rinishdagi cho‘chqa go‘shtini tortgani uchun ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi.
- Internet foydalanuvchilari «ko‘rinmas go‘sht» deb atagan ushbu mahsulot aks etgan surat X tarmog‘ida 3 milliondan ortiq marta ko‘rildi.
- Yuzaga kelgan vaziyatdan so‘ng, restoran ma’muriyati go‘sht porsiyalari belgilangan standartlarga mos kelmaganini tan olib, mijozlardan rasman uzr so‘radi.
Yaponiyadagi mashhur restoranlar tarmog‘i g‘aroyib holat sabab ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Gap mijozlarga taqdim etilayotgan nihoyatda yupqa to‘g‘ralgan cho‘chqa go‘shti haqida ketmoqda. Shu qadar yupqa kesilganki, uning ortidagi narsalarni ham ko‘rish mumkin. Internet foydalanuvchilari esa ushbu go‘sht bo‘laklariga hazil tariqasida «ko‘rinmas go‘sht» deb nom berishdi.
Yaponiyadagi mashhur Shabu-yo issiq qozonda taom tayyorlanadigan, belgilangan to‘lov evaziga istalgancha ovqatlanish imkonini beruvchi restoranlar tarmog‘i hisoblanadi. Yaqinda ushbu tarmoqning cho‘chqa go‘shtini g‘ayrioddiy darajada yupqa kesib tortayotgani internetda keng tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlarda «stealth pork», ya’ni «ko‘rinmas cho‘chqa go‘shti» deb nom olgan ushbu bo‘laklar hazilomuz izohlar va qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi.
Foydalanuvchilardan biri X ijtimoiy tarmog‘idagi izohida bunday yupqa kesish texnologiyasini hayratlanarli deb baholagan. Biroq restoran xarajatlarni shu darajada kamaytirmoqchi bo‘lsa, istalgancha ovqatlanish xizmatini umuman taklif qilmasligi kerakligini hazilomuz tarzda ta’kidlagan.
Yana bir foydalanuvchi esa go‘sht aks etgan dastlabki surat ostida: «Yoki shaffof cho‘chqa ham bormikan?» deya izoh qoldirgan. Qayd etish joizki, mazkur suratning o‘zi X tarmog‘ida 3 milliondan ortiq marta ko‘rilgan.
Dastlabki suratni joylagan foydalanuvchi ham «ko‘rinmas go‘sht»ning o‘ziga xos afzalliklarini hazil bilan izohlagan. Uning fikricha, go‘sht bo‘laklari qanchalik yupqa bo‘lsa, mijozlar odatdagidan ko‘proq bo‘lak iste’mol qilishi va keyin do‘stlariga qancha ko‘p go‘sht yegani bilan maqtanishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar shu qadar keng tus oldiki, Shabu-yo bir necha kun oldin mijozlariga rasmiy bayonot bilan murojaat qilib, yuzaga kelgan holat uchun uzr so‘radi.
«Ayrim filiallarimizda go‘sht kompaniyamiz tomonidan avvaldan belgilangan porsiyaga tortish standartlariga mos kelmaydigan holatda taqdim etilganini aniqladik. Mijozlarimiz kutgan sifat talablariga javob bermaydigan mahsulot taklif qilingani uchun ulardan chuqur uzr so‘raymiz», — deyiladi restoran bayonotida.
Aslida, bunday darajada yupqa go‘sht kesish texnikasi ham hayratlanarli ko‘rinadi. Hatto professional proshutto kesuvchilari ham go‘sht bo‘lagini shaklini buzmasdan shunchalik yupqa qilib kesishni istashlari mumkin. Biroq restorandagi ushbu holat mijozlarga taqdim etiladigan mahsulot sifati va belgilangan standartlarga rioya qilish masalasini ham kun tartibiga olib chiqdi.






























Izohlar 0
…