Dubay aeroporti hududida portlash sodir bo'ldi

Dubay xalqaro aeroporti hududida yoki unga yaqin joyda dron qulashi bilan bog'liq video tasvirlar internet tarmog'ida keng tarqaldi. BBC xalqaro axborot agentligi ushbu videolarning haqiqiyligini tasdiqladi. Hodisa 7 mart kuni aeroportning A terminali yaqinida yuz bergani taxmin qilinmoqda. Tarqalgan kadrlarda noma'lum shaxsning dron haqidagi so'zlari va ortidan eshitilgan kuchli portlash ovozi aniq aks etgan.
Ma'lumot uchun, Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat va Eron bilan bog'liq harbiy harakatlar sababli Dubay xalqaro aeroporti faoliyati vaqtincha to'xtatilgan edi. Biroq 7 mart kuni aeroport o'z ishini qisman qayta tiklayotganini e'lon qildi. BAAning yirik aviakompaniyasi "Emirates" ham parvozlarni boshlashga tayyorligini bildirib, yo'lovchilarni aeroportga kelishga chaqirgan edi.
Xuddi shu kuni BAA rasmiylari Eron tomonidan uyushtirilgan navbatdagi dron hujumi bartaraf etilganini ma'lum qildi. Dubay hukumati ushbu voqeani dron qoldiqlari tushishi bilan bog'liq kichik hodisa deb atadi va hech kim jabrlanmaganini ta'kidladi. Hozircha rasmiy bayonotda aytilgan holat aynan aeroport yaqinidagi portlash bilan bog'liqmi yoki bu alohida voqea ekanligi aniqlashtirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!