Isroil Bayrutda maxsus operatsiya o'tkazdi

Isroil harbiylari Livan poytaxti Bayrut shahrining markaziy qismida joylashgan «Ramada» mehmonxonasiga havodan zarba berdi. Reuters agentligining Livan sog'liqni saqlash vazirligiga tayanib xabar berishicha, ushbu hujum oqibatida to'rt kishi halok bo'lgan va o'n nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan. Bu voqea o'tgan haftadan buyon davom etayotgan harbiy to'qnashuvlar fonida Bayrut markaziga qilingan ilk hujum sifatida qayd etildi.
Isroil mudofaa armiyasi mazkur zarba «Quds» kuchlarining yuqori martabali qo'mondonlarini nishonga olganini ma'lum qildi. Rasmiy Tel-Aviv bayonotiga ko'ra, ushbu shaxslar Isroilga qarshi hujumlarni rejalashtirish bilan shug'ullangan. Harbiylar tinch aholi orasida talafotlarni kamaytirish uchun barcha zarur choralar ko'rilganini ta'kidlashmoqda.
Eslatib o'tamiz, «Hizbulloh» guruhi o'tgan haftada Isroil hududiga raketa va dronlar orqali hujum uyushtirib, mintaqadagi vaziyatni keskinlashtirib yuborgandi. Eron tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan ushbu guruh harakati Isroil va AQShning Eron bo'ylab bergan zarbalariga javob tariqasida baholanmoqda. Javob tariqasida Isroil Livan janubi va sharqida, shuningdek, poytaxt atrofidagi hududlarda keng ko'lamli harbiy amaliyotlarni boshladi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, hozirgacha davom etayotgan to'qnashuvlar oqibatida 300 ga yaqin inson hayotdan ko'z yumgan, yuz minglab tinch aholi vakillari esa o'z uylarini tashlab ketishga majbur bo'lgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!