Aroqchi: Eron AQSH bosimiga taslim bo‘lmaydi

Abbos Aroqchi Eronning ichki ishlariga hech kim aralasha olmasligini qat’iy ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, na AQSH, na boshqa biror davlat Eronning ichki siyosiy jarayonlariga, jumladan yangi rahbarni tanlash masalasiga ta’sir o‘tkazishi mumkin emas.
Eron tashqi ishlar vaziri bir qator muhim bayonotlar bilan ham chiqdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun kerak bo‘lgan muddatgacha o‘zini himoya qilishni davom ettiradi. Shu bilan birga, u Vashington tomonidan ilgari surilgan “so‘zsiz taslim bo‘lish” talabi Tehron tomonidan mutlaqo rad etilishini bildirdi.
Aroqchiga ko‘ra, Eron AQSH bilan yuzaga kelgan mojaroga to‘liq nuqta qo‘yilishini talab qilmoqda. Agar bu amalga oshmasa, Tehron kurashni davom ettirishga tayyorligini bildirmoqda.
Vazir shuningdek, qizlar maktabiga qilingan hujumda AQSH ishtirok etganiga rasmiy Tehron ishonch bildirganini aytdi.
Aroqchi yana bir masalaga to‘xtalib, Eron Yaqin Sharqdagi qo‘shni davlatlarga hujum qilish niyatida emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehronning ehtimoliy javob zarbalari ushbu mamlakatlarda joylashgan AQSH harbiy kuchlari va bazalariga qarshi qaratilgan bo‘ladi.
Eron tashqi ishlar vaziri mamlakat harbiylari haqida gapirar ekan, quyidagilarni ta’kidladi:
“Bizning hududimizga bostirib kirgan har qanday dushmanga qarshi jang qilish, ularni yo‘q qilish va bartaraf etishga tayyor bo‘lgan jasur askarlarimiz bor. Bu yaqin kunlarda ham, kelgusi yillarda ham, umuman har doim shunday bo‘lib qoladi. Biz jasur xalqmiz. Buyuk sivilizatsiyaga egamiz. Mintaqamizni ming yillar davomida himoya qilib kelganmiz va zarur bo‘lsa, bundan keyin ham shunday qilamiz.”
Aroqchi AQSH televideniyesidagi chiqishlaridan birida Eron AQSH va Isroil qo‘shinlari bilan yer usti yoki havo janglaridan qo‘rqmasligini ham ochiq aytdi.
Qizig‘i shundaki, ko‘plab siyosiy tahlilchilar Eron tashqi ishlar vazirining shaxsiy jozibasi va nutq mahoratiga alohida e’tibor qaratmoqda. Ularning fikricha, uning Amerika telekanallaridagi har bir chiqishi Donald Tramp reytingiga ham ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!