Ozarbayjon Eron xalqiga gumanitar yordam yubordi

Ozarbayjon hukumati Eron hududiga gumanitar yordam yuklarini jo'natdi. Mazkur qaror Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Eron prezidenti Masud Pezeshkian o'rtasida 8 mart kuni bo'lib o'tgan telefon muloqotidan so'ng qabul qilindi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, yordam tarkibidan 10 tonna un, 6 tonna guruch, 2,4 tonna shakar, 4 tonnadan ortiq ichimlik suvi, 600 kilogramm choy hamda 2 tonnaga yaqin dori vositalari va tibbiy buyumlar o'rin olgan. Bu haqda tengrinews.kz xabar beradi.
Mazkur yordam ko'rsatilishi arafasida ikki davlat o'rtasida keskinlik kuzatilgan edi. Xususan, Erondan uchirilgan dronlar Naxichevan shahridagi aeroport hududiga qulab tushgan. Hodisa oqibatida aeroport binosi shikastlangan va bir necha tinch aholi vakillari jarohat olgan. Boku rasmiylari Tehronni ushbu holat yuzasidan zudlik bilan izoh berishga va tergov o'tkazishga chaqirgan edi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi kelgusida bunday voqealarning oldini olish uchun choralar ko'rilishi shartligini ta'kidlab, javob choralarini ko'rish huquqini o'zida saqlab qolishini bildirgan.
Telefon suhbati davomida Eron prezidenti Masud Pezeshkian Tehronning ushbu dron hujumiga aloqador emasligini ma'lum qildi. U voqea har tomonlama o'rganilishi va tergov qilinishini va'da qildi. Tomonlar o'rtasidagi ushbu diplomatik muloqot va gumanitar yordamning yuborilishi mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda yuzaga kelgan tushunmovchiliklarni tinch yo'l bilan hal etishga qaratilgan qadam sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!