Forbes dunyoning eng boy beshligini ma’lum qildi

Forbes dunyoning eng boy insonlari bo‘yicha navbatdagi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, tadbirkor Ilon Mask ketma-ket ikkinchi yil ham ro‘yxatda birinchi o‘rinni saqlab qoldi.
Tesla, SpaceX kompaniyalari asoschisi, shuningdek X ijtimoiy tarmog‘i egasi bo‘lgan Maskning boyligi 839 milliard dollarga yetgan. Uning sarmoyasi, ayniqsa, xAI startapiga kiritilgan investitsiyalar hamda SpaceX kompaniyasining muvaffaqiyatlari hisobidan sezilarli darajada oshgan.
Reytingda ikkinchi o‘rinni Google hammuassisi Larri Peyj 257 milliard dollar boylik bilan egalladi. Uchinchi pog‘onadan esa Google'ning yana bir asoschisi Sergey Brin 237 mlrd dollar bilan joy olgan. Keyingi o‘rinlarda Amazon asoschisi Jeff Bezos 224 milliard dollar bilan to‘rtinchi, Meta egasi Mark Sukerberg esa 222 milliard dollar bilan beshinchi o‘rinni band etgan.
Ma’lum qilinishicha, bu yilgi ro‘yxatga jami 3428 nafar milliarder kiritilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 400 nafarga ko‘p. Ular umumiy hisobda 20,1 trillion dollar boylikka egalik qiladi. Birinchi o‘nlikdagi milliarderlarning jami sarmoyasi esa 2,6 trillion dollar deb baholangan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, SpaceX kompaniyasi yaqin yillarda aksiyalarini ommaviy savdoga chiqarishni rejalashtirmoqda. Agar bu jarayon muvaffaqiyatli amalga oshsa, Ilon Mask boyligi yanada ortib, u tarixda 1 trillion dollar sarmoyaga ega bo‘lgan ilk insonga aylanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!