Eron sulh taklifini rad etdi, keskinlik kuchaymoqda

Yaqin Sharqdagi vaziyat tobora murakkablashib borar ekan, Eron rasmiylari AQSh tomonidan ilgari surilgan 48 soatlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini qabul qilmadi. Bu haqda Fars agentligi xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Tehron o‘z pozitsiyasini rasmiy bayonot bilan emas, balki harbiy harakatlarni davom ettirish orqali namoyon qilgan. Bu esa muzokaralarga nisbatan ehtiyotkor va qat’iy yondashuv saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, Vashington ayniqsa Bubiyan orolidagi amerikaliklar harbiy omboriga berilgan zarbadan so‘ng vaziyatni diplomatik yo‘l bilan yumshatishga urinib, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi bo‘lgan.
Shu bilan birga, The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Pokiston yetakchiligidagi mintaqaviy davlatlarning urushni to‘xtatish bo‘yicha tashabbuslari hozircha samara bermayapti. Eron yaqin kunlarda Islomobodda AQSh rasmiylari bilan uchrashishni istamayapti va Vashington ilgari surayotgan talablarni nomaqbul deb hisoblamoqda.
Biroq diplomatik sa’y-harakatlar to‘liq to‘xtab qolmagan. Turkiya va Misr yangi muzokara maydonlari sifatida Doha yoki Istanbul variantlarini ko‘rib chiqmoqda.
AQSh razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha Eron muzokaralarga tayyor emas va o‘zini nisbatan ustun pozitsiyada deb bilmoqda. Shu sababli u tashqi bosimlarga yon berishni istamayapti.
Bundan tashqari, Tehron muzokaralarni ehtimoliy “tuzoq” sifatida ham baholamoqda. Ularning fikricha, bunday uchrashuvlar siyosiy arboblarga qarshi xavfli harakatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!