Tramp Pasxa bayramida Eronni bombardimon qilish bilan tahdid qilib, la’natladi

Donald Tramp katolik va protestant Pasxa bayrami munosabati bilan 5 aprel kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida agar uning ultimatumi bajarilmasa, yaqin seshanba kuni Eronni, jumladan ko‘priklar va elektr stansiyalarini keng ko‘lamda bombardimon qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. U o‘z xabarida haqoratli so‘zlardan hamda “Allohga hamd bo‘lsin” (“Praise be to Allah” — “alhamdulillah”) iborasidan foydalangan.
AQSH bir oydan ortiq vaqt davomida Eronga qarshi “Epik g‘azab” nomli harbiy-havo operatsiyasini davom ettirmoqda. Shanba kuni Oq uy rahbari Tehronga 48 soatlik ultimatum qo‘yib, Hormuz bo‘g‘ozini savdo kemalari uchun to‘liq ochishni talab qildi. Eron esa avvalroq AQSH va Isroilning harbiy harakatlariga javoban Yaqin Sharqdagi ushbu muhim suv yo‘lagi orqali harakatni cheklagan edi. Mazkur bo‘g‘oz orqali dunyo energiya resurslari savdosining beshdan bir qismi amalga oshiriladi.
“Seshanba Eron uchun elektr stansiyalari va ko‘priklar kuni bo‘ladi. Bu la’nati bo‘g‘ozni oching, aks holda do‘zaxda yashaysiz — hushyor bo‘ling. Allohga hamd bo‘lsin”, — deb yozdi Tramp (matnda haqoratli so‘zlar ishlatilgan).
Al Jazeera xabar berishicha, Tehron avvalroq Trampning ultimatum va tahdidlarini “ojiz, asabiy, muvozanatsiz va ahmoqona” harakatlar deb atagan. Bu fikrni Eron Qurolli kuchlari “Xatam al-Anbiya” markaziy shtabi rahbari, general Ali Abdollahi Aliabadi bildirgan.
Harbiy amaldorning qo‘shimcha qilishicha, agar fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilinsa, Tehron ham AQSH uchun “do‘zax darvozalarini” ochadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!