Donald Tramp Eronga qarshi hujumlarni ikki haftaga to‘xtatdi

Jahon siyosiy maydonida keskinlik yuqori cho‘qqiga chiqqan bir paytda, Donald Tram kutilmagan qaror qabul qildi. 8 aprelga o‘tar kechasi AQSH tomonidan Eron rahbariyatiga qo‘yilgan ultimatum muddati yakunlanar ekan, Vashington rasman harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatishga rozi bo‘lganini eʼlon qildi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur qaror Ho‘rmuz bo‘g‘ozi masalasi bilan bevosita bog‘liq. AQSH tomonidan bu strategik dengiz yo‘li «to‘liq, tezkor va xavfsiz shartlarda» ochilishi sharti qo‘yilgan. Aynan shu talab ijrosi evaziga Eronga qarshi hujumlar ikki hafta muddatga to‘xtatilmoqda.
Trampning bayonotiga ko‘ra, AQSH o‘z oldiga qo‘ygan harbiy maqsadlarga «ortiqcha darajada erishgan». Shu bilan birga, u Eron tomonidan ilgari surilgan va muzokaralar uchun asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan 10 banddan iborat taklif qabul qilinganini taʼkidladi. Uning fikricha, ikki davlat o‘rtasidagi asosiy kelishmovchiliklar bo‘yicha deyarli kelishuvga erishilgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, Tramp yana bir murojaat bilan chiqib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududida to‘planib qolgan kemalar muammosini hal qilishda AQSH faol ishtirok etishini bildirdi. U bu jarayonni «ijobiy o‘zgarishlar boshlanishi» deb baholab, iqtisodiy faollik ortishi va katta moliyaviy imkoniyatlar paydo bo‘lishini taʼkidladi. Shuningdek, Eron uchun tiklanish davri boshlanishi mumkinligini aytdi va hatto Yaqin Sharqda «yangi oltin davr» boshlanishi ehtimolini ham tilga oldi.
Qizig‘i, aynan shu voqealardan bir necha soat oldin Tramp ancha keskin ruhdagi bayonot bilan chiqqan edi. U ehtimoliy ziddiyat butun bir sivilizatsiya uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini taʼkidlab, bunday jarayon «ortga qaytarib bo‘lmas» darajada bo‘lishini aytgan. Shu bilan birga, u hokimiyatga yana-da oqilona va muvozanatli kuchlar kelsa, vaziyat keskin burilish yasashi mumkinligini ham istisno qilmadi.
Hozircha eʼlon qilingan ikki haftalik tanaffus — bu faqat vaqtdan yutishmi yoki haqiqiy muzokaralar boshlanishiga zaminmi, buni yaqin kunlar ko‘rsatadi. Ammo bitta narsa aniq: global siyosatdagi bu “pauza” keyingi katta harakat oldidan tashlab qo‘yilgan sukunatga o‘xshab turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!