Qozog‘istonda g‘ayrioddiy hodisa: bir ko‘zli uloqcha dunyoga keldi (video)

Qizilo‘rda viloyatida g‘ayrioddiy hayvon dunyoga kelgani haqida ma’lumot tarqaldi, deb xabar beradi inbusiness.kz.
Tarmoqdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Qizilo‘rda viloyatida noyob anomaliyaga ega hayvon tug‘ilgan. Videoda bir ko‘zli, ichida ikkita qorachig‘i bo‘lgan uloq tasvirlangan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, g‘ayrioddiy uloq viloyatdagi xususiy xo‘jaliklardan birida tug‘ilgan. Ma’lum bo‘lishicha, yangi tug‘ilgan echki bolasida juda kam uchraydigan tug‘ma anomaliya kuzatilgan. Ko‘z kataklari birlashib, yagona ko‘zga aylangan. Bu hodisa fanda "siklopiya" deb ataladi," - deyiladi tarqatilgan norasmiy ma’lumotda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, siklopiya embrion rivojlanishining ilk bosqichlarida yuz va miya tuzilmalari to‘liq ajralmagani natijasida yuzaga keladi. Bu jarayonda ko‘z kosalari birlashib ketadi va natijada odatiy ikki ko‘z o‘rniga bitta markaziy ko‘z paydo bo‘ladi.
Bunday holatlar tabiatda juda kam uchraydi va odatda bunday jonzotlarning yashash imkoniyati ancha past bo‘ladi. Shunga qaramay, mazkur hodisa ilmiy jihatdan ham, jamoatchilik uchun ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Qizilo‘rda viloyati veterinariya boshqarmasi "Sirdaryo tuman veterinariya stansiyasi" xo‘jalik yuritish huquqi ostidagi kommunal davlat korxonasi ma’lumotni tasdiqladi, biroq hayvon bir necha soatdan keyin o‘lganini aytdi.