Yer aholisi me’yoridan oshdi: olimlar xavotir bildirmoqda

So‘nggi ilmiy tadqiqotlar Yer aholisi soni sayyora imkoniyatlaridan oshib ketganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Environmental Research Letters jurnalida chop etilgan maqolada batafsil ma’lumot berilgan.
Tadqiqot davomida olimlar “sig‘im qobiliyati” deb ataluvchi konsepsiyadan foydalangan. Ushbu yondashuv sayyora resurslariga zarar yetkazmagan holda qancha aholi yashashi mumkinligini aniqlashga xizmat qiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, optimal ko‘rsatkich taxminan 2,5 milliard kishini tashkil etadi. Ayni paytda esa Yer yuzidagi aholi soni 8 milliarddan allaqachon oshib ketgan.
Mutaxassislar fikricha, bunday keskin o‘sishning asosiy sababi — qazib olinadigan yoqilg‘ilardan keng foydalanishdir. Bu jarayon bir tomondan turmush darajasini oshirgan bo‘lsa, boshqa tomondan resurslardan haddan tashqari foydalanishga olib kelgan. Natijada qisqa muddatli foyda uzoq muddatli barqarorlik evaziga qo‘lga kiritilgan.
Shuningdek, uglevodorodlarga bo‘lgan qaramlik ekologik muammolarni yanada keskinlashtirayotgani ta’kidlanmoqda. Bu holat iqlim o‘zgarishlariga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Olimlar prognoziga ko‘ra, aholi soni kelgusi yillarda ham o‘sishda davom etadi. Taxminlarga qaraganda, XXI asrning ikkinchi yarmiga borib Yer aholisi 11–12 milliard kishiga yetishi mumkin. Bu esa global resurslar, ekologiya va barqaror rivojlanish masalalarini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!