Lex Valensa: “Pensiyam yetmaydi”, sobiq prezident shikoyat qildi

Polshaning sobiq prezidenti Lex Valensa pensiya miqdori yetarli emasligini aytib, bu borada o‘z noroziligini bildirdi. U bu haqda “O2” nashriga bergan intervyusida so‘z yuritdi.
1990–1995 yillarda mamlakatni boshqargan Valensa hozirda prezidentlik pensiyasini oladi. Mazkur to‘lov amaldagi davlat rahbari maoshining 75 foiziga teng bo‘lib, taxminan oyiga 3770 dollarni tashkil etadi.
Sobiq prezidentning aytishicha, agar pensiyasi yetarli bo‘lganida, u dam olib, tinch hayot kechirgan bo‘lardi. “Agar hammasi yetarli bo‘lganida, men qo‘ziqorin terishga yoki baliq oviga borardim. Ammo hozir ham ishlashga majburman, dunyo bo‘ylab yurib, ishlayapman”, — deydi u.
Valensa pensiyasining katta qismi kundalik xarajatlar, tibbiy xizmatlar va professional faoliyatini davom ettirish uchun sarflanayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, u yana bir pensiya olish huquqiga ega bo‘lsa-da, prinsipial sabablarga ko‘ra undan foydalanmayotganini ma’lum qildi. “Men 20 yildan beri bu pensiyani olmayman. Bir tiyinni ham. Chunki Polsha hali ham kambag‘al”, — deya qo‘shimcha qildi sobiq prezident.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!